18:9 ekranli Xiaomi Redmi 5 (Plus)’ning haqiqiy suratlari tarqaldi

  •   DiMaX
  •  3018
  •  21.10.2017 14:57

18:9 ekranli Xiaomi Redmi 5 (Plus)’ning haqiqiy suratlari tarqaldi

Xiaomi yaqinda o‘zining eng hamyonbop smartfoni – Redmi 5A modelini taqdim etgan edi, uning kamerasida suratga olingan rasmlarniyam e’lon qilganmiz. Endi esa, bu kompaniya shu turkumdagi ikkita modelning chiqarilishi kutilyapti – Redmi 5 va Redmi 5 Plus. TENAA saytida bugun surati joylangan qurilma shulardan biri bo‘lishi mumkin, deb yozadi gagadget.com sayti.

Hamyonboplar turkumi

Xiaomi Redmi 5 hamda Redmi 5 Plus smartfonlari MET7 va MEE7 (yoki teskari tartibda) indekslariga ega. TENAA saytidagi suratda MET7 versiyasi aks ettirilgan. Uning ekrani cho‘zinchoq – tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatda. Old panelida sensor tugmachalari yo‘q, barmoq izi skaneri esa orqa panelga joylashtirilgan. Orqa panelning o‘zi metalldan, faqat tepa va pastki qismlarida plastik o‘rnatmalari bor.

TENAA bazasida hozircha bu smartfonning xususiyatlari haqida ma’lumot berilmagan. Boshqa mish-mishlarga qaraganda, Plus-versiyasiga 1440x720 pikselli sig‘imga ega 5.7 dyuymli displey o‘rnatiladi. Uning protsessori Snapdragon 450, tezkor xotirasi 3/4 GB, doimiy xotirasi esa 16/32 GB hajmli bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy kamerasi 16+5 megapikselli qo‘shaloq, selfi-kamerasi esa 12 megapikselli modulga ega bo‘ladi.

Xullas, Xiaomi Redmi 5 va uning «plyusli» talqini borasida aniq ma’lumot yo‘q, insayderlar ham ikkalasini chalkashtirib yuborishyapti.

Qachon chiqadi?

«Xitoycha Apple» hamyonbop Redmi 5 hamda Redmi 5 Plus modellarini «Bo‘ydoqlar kuni»gacha chiqarishi kutilmoqda. Ayni shu arafada Xiaomi Mi6’ning «yengil» talqini ham chiqayotgani haqida xabar berganmiz.

11 noyabrda nishonlanadigan shu mahalliy bayram oldidan Xitoyda ko‘pchilik kompaniyalar keng ko‘lamdagi chegirmalar joriy etishadi. Xiaomi sentyabr oyining o‘zida 10 million dona smartfon sotgan va endi yilning oxirigacha kompaniya 100 million qurilma sotishni rejalashtirgan. Shunday ekan, hozir yangi modellarni taqdim etishning ayni payti.

Darvoqe, Redmi 5 va Redmi 5 Plus smartfonlarining narxlari 150 AQSh dollaridan boshlanishi taxmin qilinmoqda. Xususiyatlari shunga yaqin bo‘lgan raqobatchi – Honor 7x devaysining narxi esa 198 dollardan boshlanadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.