2 yangi smartfon yaxshi sotilayotgan telefonlar safiga qo‘shildi

2 yangi smartfon yaxshi sotilayotgan telefonlar safiga qo‘shildi

Smartfon bozorida yangiliklarning oqimi tobora kuchayib bormoqda: yangilari keladi, eskilari arzonlashadi, biror telefon bilan muammo kelib chiqadi va boshqa yangiliklar. Taniqli GSMArena nashri smartfon bozoridagi 10 ta eng yaxshi devayslarni aniqlashga qaratilgan o‘zining navbatdagi oylik so‘rovini taqdim etdi. 2018 yilning iyun oyi o‘rtalariga kelib yaqinda taqdim qilingan Xiaomi Mi 8 hamda Nokia X6 modellari ham jahonning yaxshi sotilayotgan smartfonlari qatoridan o‘rin egalladi.

Manbaning ma’lum qilishicha, 2018 yilning 18 iyuni holatida jahonning eng yaxshi sotilayotgan va qiziqish yuqori smartfonlari orasida birinchi o‘rin Xiaomi Redmi Note 5 Pro modeliga nasib qilib turibdi. Bu smartfon hamyonbop narx evaziga maksimal darajada texnik imkoniyatlarni taqdim qiladi.

Redmi Note 5 Pro modeli 1.8 Ggs chastota tezligiga ega, 64 bitli va 8 yadroli Snapdragon 636 protsessor va 6 gigabaytli doimiy xotira bilan ta’minlangan. Aytish kerakki, Snapdragon X12 LTE mobil aloqa modemi Xiaomi Redmi Note 5 Pro'dagi aloqa sifati uchun mas’ul bo‘lgan innovatsion apparat ta’minotidir. Ayni paytda bu devays yurtimizda 2 198 000 so‘mdan boshlab sotilmoqda.

Ikkinchi o‘rin esa Xiaomi Mi 8 flagmaniga nasib qilgan. Android smartfonlari orasida ilk marotaba yuzni 3D Face o‘lchamida skanerlash texnologiyasiga ega bo‘lgan mazkur telefon ayni paytda yaxshi sotilmoqda. Mi 8 modelidagi 6,21 dyuymli AMOLED displeyning piksellar sig‘imi 2248 x 1080 ga teng. U eng samarador hisoblangan Qualcomm Snapdragon 845 protsessoriga, kuchli kameralarga ega bo‘lgan.

O‘qing: Mi 8 taqdim qilindi: narx borasida kompaniya va’dasida turdi

Kuchli uchlikni hamyonbop Samsung Galaxy J6 yakunlab bergan. Galaxy "J" turkumining mazkur mobil aloqa vositasi 5.6 dyuymli AMOLED Infinity display ekraniga ega bo‘lgan. Ekran hoshiyalaridan mahrum bo‘lgani evaziga, unda tasvirni tomosha qilish yanada qulay. Biroq, piksellar sig‘imi flagmanlarniki kabi emas, aniqrog‘i 1280 x 720 pikselli. Smartfon faoliyati uchun 8 yadroli protsessor mas’ul. Devaysga 2/3/4 gigabaytli tezkor hamda 32/64 (doimiy xotirani kengaytirish uchun microSD bo‘lmachasi mavjud) doimiy xotira kartasi o‘rnatilgan.

To‘rtinchi o‘rinda esa OnePlus 6 modeli turibdi. Xiaomi Mi 8 bilan taqqoslab ko‘rganda, bu devays texnik jihatdan bir oz orqada qolib ketdi. Biroq, "kimgadir yoqar lola ..." deganlari kabi, uni ham xarid qiladiganlar bor. Hozirda eng kuchli Android protsessor bo‘lmish Snapdragon 845 chipiga hamda 8 gigabaytli tezkor xotiraga ega bo‘lgani bilan o‘ziga xos smartfon 6.28 dyuymli, 1080x2280 piksel sig‘imli ekran matritsasi Super AMOLED ekranga ega bo‘lgan.

Yetakchi beshlikdan Xiaomi Redmi S2 modeli ham o‘rin olgan. Ayrim mamlakatlarda ushbu model "Redmi Y2" nomi bilan ham sotilmoqda. Ushbu smartfon Redmi Note 5 Pro modelining takomillashgan talqini bo‘lib, bu model texnik jihatdan kuchaygan hamda ilg‘or fotokameraga ega bo‘lgan. Smartfon platformasi uchun o‘rta imkoniyatli Snapdragon 625 protsessori javobgar. Devaysning 3/4 gigabaytli tezkor xotirasiya, shuningdek 32/64 gigabaytli doimiy xotirasi ma’lumot saqlash uchun ayni muddao.

Reytingning oltinchi qatori Samsung Galaxy A6+ (2018) modeliga nasib qilgan. Yaqinda sotuvga chiqarilgan devaysga jamoatchilik qiziqishi hozircha yuqori. Galaxy A6+ modeli 1,8 GGs chastota intervalida ishlaydigan chipga ega bo‘lgan. Uning asosiy kamerasi esa 16 va 5 megapikselli ikkita ob’yektivni o‘z ichiga olgan.

Yettinchi o‘rinda Nokia X6 turibdi. Hozircha Xitoyda bu gadjet yaxshi sotilmoqda. Narxi 205 dollardan boshlanuvchi bu devays hozirda Xitoyda talash bo‘lib sotilmoqda.

Sakkizinchi o‘rinda Xiaomi Redmi 5 Plus (Redmi Note 5) modeli bor. Redmi 5 Plus hadeb suratga tushmaydigan, "top" samaradorlik ortidan chopmaydigan, biroq displeyda tasvir va tomosha ko‘rishga ishtiyoqmand odamlar uchun. Uning 5,99 dyuymli ekrani FullHD+ sig‘imli. Bu model yurtimizda 1 225 000 so‘mdan boshlab sotilmoqda.


To‘qqizinchi o‘rin Oppo F7 modeliga tekkan. Bu model iPhone X flagmaniga jiddiy raqib. Narxi 500 AQSh dollari atrofida.

Kuchli o‘nlikdagi so‘nggi o‘rinda Samsung Galaxy J7 Prime modeli turibdi. Ya’ni, brendning eng yaxshi hamyonbop telefonlaridan biri. Galaxy J7 Prime 3300 mA/st sig‘imli batareyaga ega, u 8 yadroli 1,6 GGs chastotadagi protsessor yordamida ishlaydi. Telefonga 3 GB tezkor xotira, 8 MPli old hamda svetodiodli chaqnoq va avtofokusga ega 13 MPli asosiy kamera o‘rnatilgan. Galaxy J7 Prime 5,5 dyuymli FHD ekran bilan ta’minlangan.

Ayni paytda Galaxy J7 (2017) turkumiga mansub hamyonbop smartfonni Terabayt.uz do‘konidan 1 830 000 so‘mdan boshlab xarid qilish mumkin.

O‘qing: Samsung Hindistonda Galaxy J7 Prime va Galaxy J5 Prime modellarini taqdim etdi

Reytingdagi smartfonlarning to‘rttasining ekranida taniqli kesiq borligini hisobga olsak, odamlarga bunday yechim ma’ul kelgan ko‘rinadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!