2020-yilda butun dunyo bo‘yicha hukumat tomonidan qancha muddat internet o‘chirib qo‘yilgan?

2020-yilda butun dunyo bo‘yicha hukumat tomonidan qancha muddat internet o‘chirib qo‘yilgan?

2020-yilda hukumat tomonidan internetning o‘chirib qo‘yilishi davomiyligi 2019-yilgiga nisbatan 49% ko‘proq bo‘ldi. Bu haqda Top10VPN xizmatiga tayanib, Business Insider xabar bermoqda.

Onlayn xavfsizlik va onlayn huquqlarga ixtisoslashgan Top10VPN xizmatining hisobotiga ko‘ra, 2020-yilda butun dunyo bo‘ylab 21 ta mamlakatda 93 ta internet o‘chirilish holatlari kuzatilgan. Internet tezligini 2G‘ga tushirib qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash va internetga aloqani butunlay uzib qo‘yish shular jumlasidan.

O‘QING: O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari 22,1 milliondan oshdi

2020-yilda internetga ulanishda, umumiy hisobda, 27,165 soatlik cheklovlar kuzatilgan. Bu esa 2019-yilgiga nisbatan 49% uzoqroq muddat davomida internetga kirib bo‘lmaganini anglatadi. Top10VPN'ning taxminicha, ushbu cheklovlar dunyo bo‘ylab 268 million (2019-yilgiga qaraganda 3% ko‘proq) foydalanuvchiga ta’sir qilgan.

Hisobot mualliflaridan birining Business Insider'ga aytishicha, internetning o‘chirilishi insonlarning sog‘liqni saqlashga doir ma’lumotlarni olishiga to‘sqinlik qilgan «va shu sababdan virusning tarqalishiga sabablardan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkin». Internet uzib qo‘yilishining iqtisodiyotga ta’siri 2019-yilgiga qaraganda 50% ga kam bo‘lgan bo‘lsa-da, inson huquqlariga yetkazilgan zarar anchayin yuqori bo‘lgani ham hisobotda qayd etilgan.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, internetning o‘chirib qo‘yilishi, asosan, qashshoq davlatlarda kuzatilgan va, shu sababdan, ushbu amaliyotning global iqtisodga ta’siri katta bo‘lmagan.

«Jahon iqtisodiyotiga umumiy ta’sir pasaygan bo‘lsa-da, avtoritar rejimlar global pandemiya sharoitida internetni o‘chirishdan tiyilmadi va bu kambag‘al davlatlarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatdi», deb yozadi mutaxassislar.

Hindistonda internet o‘chirilishi iqtisodga 2.8 millard dollar zarar yetkazgan. Mamlakatda 2020-yil davomida jami 75 marta, umumiy hisobda 8,900 soat davomida, internetga kirishda uzilishlar kuzatilgan. Top10VPN'ning aytishicha, real ko‘rsatkichlar bundan ancha yuqori bo‘lgan bo‘lishi kerak.

«Qisqa muddatlik o‘chirishlarning ko‘pi ma’lum guruhlarga qaratilgan va bir necha qishloqlar yoki alohida shaharlar tumanlariga ta’sir o‘tkazgan. Shuning uchun, bu cheklovlar ushbu hisobotda inobatga olinmagan, chunki hisobot mintaqaviy uzilishlarga e’tibor qaratgan. Shu boisdan, haqiqiy iqtisodiy ziyon biz hisoblagan 2.8 millard dollardan ham yuqori bo‘lgani ehtimoli bor», — deydi Top10VPN'dagilar.

Hisobot mualliflaridan bo‘lgan Samuel Vudxems Business Insider'ga, jumladan: «Kashmirdagi uzoq muddatli uzilishlar, ayniqsa, katta zarar keltirlgan. Cheklovlar tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishiga halal bergan, talabalar ta’limiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va mahalliy bizneslarga zarba bergan», deb aytdi.

Hindiston Kashmirda internetni 2019-yil 4-avgustda — mamlakat hukumati hudud avtonomligini bekor qilgan sanada — uzib qo‘ygan. Ushbu cheklov 2020-yil mart oyida qisman bekor qilingan edi, biroq shundan keyin ham internet tezligi sekinligicha qolavergan.

Vudxemsning qo‘shimcha qilishicha, pandemiya sharoitida internetning uzib qo‘yilishi inson huquqlarining odatdagidan-da talafotliroq buzilishi hisoblanadi. «Pandemiya davrida internetning o‘chirilishi fuqarolarning sog‘liqni saqlashga doir zarur ma’lumotlarni olishini cheklagan va shu sababdan virusning tarqalishiga sabablardan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkin», — deydi Vudxems.

Myanmarda ham internet uzilishlari davomiyligi Hindistondagi bilan bir xil bo‘lgan. Iyun oyida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, internetga kira olmagani bois Myanmarning ba’zi aholisi hatto koronavirus pandemiyasidan bexabar bo‘lgan.

O‘QING: O‘zbekiston internet erkinligi reytingida so‘nggi o‘nlikdan joy oldi