24 megapikselli selfi-kameraga ega smartfon chiqdi!

  •   DiMaX
  •  1669
  •  07.09.2017 17:40

24 megapikselli selfi-kameraga ega smartfon chiqdi!

Xitoyning Vivo kompaniyasi Mumbayda o‘zining yangi smartfoni –  Vivo V7+ modelini namoyish etdi. Asosan avtoportret ishqibozlariga mo‘ljallangan mazkur qurilma haqida ishlab chiqaruvchining saytida ma’lumot berilgan.

Ushbu devays ilg‘or selfi-kamera bilan jihozlangan bo‘lib, naq 24 megapikselli, f/2.0 aperturasiga va yorug‘lik-diodli chaqnoqqa ega. Modelning asosiy – orqa paneldagi kamerasi esa 16 megapiksellidir.

Ilg‘or selfi-kamerasidan tashqari, Vivo V7+ qurilmasi romsiz displeyi bilan ham hayratga soladi. Ekran old panelning 84,4 foiz qismini egallaydi. Smartfon diagonali 5,99 dyuymli, 720 x 1440 pikselli IPS-displeyga ega. Tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lgan ekranga Corning Gorilla Glass 3 himoya shishasi o‘rnatilgan.

Vivo V7+’ning apparat qismiga keladigan bo‘lsak, uning «yuragi» – sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 450 protsessoridir. Gadjetning ishlash tezkorligida 4 gigabaytlik tezkor xotiraning o‘rni katta. Uning 64 gigabayt sig‘imli flesh-xotirasini esa 256 gigabaytgacha sig‘imli microSD karta bilan kengaytirish mumkin.

Ushbu qurilmaga ikkita SIM-karta qo‘yib ishlatish mumkin, xotira kartasi uchun esa alohida slot ajratilgan. Smartfon 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 ac), Bluetooth 4.2, GPS hamda GLONASS simsiz tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Qo‘shimchasiga Vivo V7+’da barmoq izi skaneri, FM-radio hamda quloqchinlar uchun 3,5 millimetrlik tirqish mavjud.

Selfisevarlar smartfonining korpusi o‘lchamlari 155,87 x 75,74 x 7,7 millimetrni tashkil etadi, vazni esa 160 grammga teng. Akkumulyatori ham chakki emas – 3225 mA/soat sig‘imga ega. Vivo V7+ Android operatsion tizimining 7.1 – Nougat talqini asosidagi Funtouch OS 3.2 qobig‘ida ishlaydi.

Xabarlarga ko‘ra, smartfon Hindistonda 15 sentyabrdan, taxminan 343 AQSh dollari narxida sotuvga chiqadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!