3D-printerda chop etilgan samolyot Antarktidadagi razvedka ishlarida qatnashadi

3D-printerda chop etilgan samolyot Antarktidadagi razvedka ishlarida qatnashadi

Buyuk Britaniya harbiy-havo kuchlari Antarktidada muz razvedkasini olib borish uchun SULSA (Southampton University Laser Sintered Aircraft) uchuvchisiz parvoz uskunasini sinovdan o‘tkazishni boshladi.

Dron to‘rt yil muqaddam sautgemptonlik britan muhandislari tomonidan yaratilgan edi. O‘sha vaqtda u 3D-printerda chop etilgan dunyodagi ilk uchuvchisiz parvoz qurilmasi maqomiga sazovor bo‘lgandi. Uskuna detallarini tayyorlashda lazerli qizdirish natijasida yaxlitlash texnologiyasidan foydalanilgan holda EOSINT P730 qavatma-qavat sintezlash tizimi qo‘llanilgan.

Butun boshli samolyot daqiqalar ichida hech qanday qo‘shimcha jihoz yoki biriktiruvchi detallarsiz teriladi. Dronning uzunligi qanotlari bilan 2 metrchani tashkil etsa, tezligi soatiga 160 kilometrga chiqadi. Elektromotorni quvvatlash uchun akkumulyatorlar bloki xizmat qiladi, uning jami og‘irligi esa bor-yo‘g‘i 3 kilogrammni tashkil etadi.

Muz razvedkasini bajarish vaqtida uskuna taxminan 100 km/soat tezlikda parvoz qiladi. SULSA`da avtopilot bo‘lishiga qaramasdan, bu holatda operator leptop yordamida masofadan boshqaruvni amalga oshiradi. Dron kamerasidan olingan tasvirlar real vaqt rejmida pultga yetkazib turiladi.

SULSA`ning avtonom parvozi davomiyligi 30 daqiqa atrofida. Vazifa uddalanganidan so‘ng dron belgilangan joyga qo‘nadi va o‘sha yerdan kema jamoasi uni olib ketadi. Tasdiqlanishicha, bu kabi dronlar yordamida amalga oshirilgan muz razvedkasi an’anaviy usullarga qaraganda ancha arzonga tushadi. Darvoqe, har bir uchuvchisiz boshqariladigan uskuna narxi 10 ming dollar atrofidani tashkil etadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!