5G-smartfon va noutbuklarga mo‘ljallangan Snapdragon 850 ilk bor benchmarkda sinab ko‘rildi

  •   DiMaX
  •  950
  •  16.08.2018 14:55

5G-smartfon va noutbuklarga mo‘ljallangan Snapdragon 850 ilk bor benchmarkda sinab ko‘rildi

Qualcomm kompaniyasi ushbu yilning so‘ngida 7 nanometrlik texnologik jarayon bazasidagi ilg‘or Snapdragon 855 protsessorini taqdim etishni rejalashtirgan. Xitoylik smartfonsozlardan biri allaqachon ushbu chip bilan ishlovchi ilk 5G-gadjetni taqdim etishini aytib maqtangan ham.

O‘QING: Snapdragon 855 protsessorli ilk 5G-smartfonni Lenovo taqdim etmoqchi, ammo masalaning boshqa tomoni bor...

Ammo undan ham avval amerikalik chipsozning Snapdragon 850 protsessori bazasidagi devayslar dunyo yuzini ko‘radi. O‘z «ajdod»lariga nisbatan birmuncha yaxshilangan ushbu chip ilk bor benchmarkda sinab ko‘rildi. Buni qarangki, u o‘sha «aldoqchi» Lenovo’ning allaqanday noma’lum qurilmasiga o‘rnatilgan!

Mana, Snapdragon 850 chipli ushbu gadjetning Geekbench’da namoyon etgan samaradorlik ko‘rsatkichlari quyidagicha:

Guvohi bo‘lib turganingizdek, Lenovo 81JL qurilmasi yakka yadroli testda 2 263 ball, ko‘p yadroli sinovda esa 6 947 ochko olgan. Bu natijalar Snapdragon 835 ko‘rsatkichlaridan judayam katta emas – unga asoslangan devayslar o‘rta hisobda tegishlicha 1 800 va 6 500 ball to‘plamoqda.

Ya’ni, Snapdragon 835 bilan solishtirganda, Snapdragon 850 protsessori bitta yadroli sinovda 25 foizga, ko‘p yadroli imtihonda esa 7,3 foizga ustun kelayotir. Biroq mazkur test bozorga chiqarilgan smartfonda emas, balki hali uning prototipida sinab ko‘rilgan. Tijoriy maqsadda taqdim etilgan smartfonda samaradorlik ko‘rsatkichlari bundan yuqori bo‘lib chiqishi ham mumkin. Qualcomm’ning o‘zi mazkur chip taqdimotida uning samaradorligi avvalgisiga nisbatan 30 foizga oshishini ma’lum qilgandi.

Yana bir o‘ziga xosligi shundaki, Snapdragon 850 chipi noutbuklarga ham o‘rnatiladi va Windows 10 platformasi bilan muvofiqlashtiriladi. Lenovo’dan tashqari, Snapdragon 850 protsessori bazasidagi gadjetlarni ASUS, HP hamda Samsung ham ishlab chiqarmoqchi.

O‘QING: Qualcomm "5G-smartfon" ishlab chiqaruvchi brendlarni e’lon qildi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.