8/128 GB xotirali ASUS ZenFone Ares smartfoni atigi 330 dollarga baholandi

  •   DiMaX
  •  1331
  •  16.06.2018 15:09

8/128 GB xotirali ASUS ZenFone Ares smartfoni atigi 330 dollarga baholandi

ASUS kompaniyasi geymerlar uchun moslangan ROG Phone smartfonini yaqindagina namoyish etgandi. Bu qurilma Geekbench testi bo‘yicha yetakchi smartfonsozlarning flagmanlaridan ham o‘zib ketgan.

O‘QING: Eng qudratli Android-smartfon aniqlandi – u yetakchi kompaniyalarga tegishli emas!

Endi esa bu ishlab chiqaruvchi ortiqcha shov-shuvlarsiz navbatdagi smartfonini rasman taqdim etdi. ZenFone Ares rusumli mazkur gadjet ham bir qator ilg‘or jihatlari bilan maqtana oladi.

ASUS ZenFone Ares modelining, avvalo, 5.7 dyuymlik Super AMOLED ekrani e’tiborga loyiq – u 2560x1440 pikselli Quad HD formatida tasvir uzata oladi. Ekranni shikastlardan saqlash uchun ustiga Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasi yotqizilgan.

Smartfon korpusining orqa tomonidagi 23 megapikselli bosh kamera Sony IMX318 sensoriga tayanadi; uning maksimal diafragmasi f/2,0’ga teng. Garchi ko‘pchilik smartfonlar kabi qo‘sh modulli bo‘lmasa-da, ZenFone Ares asosiy kamerasi lazerli avtofokus, tasvirni optik va elektron barqarorlashtirish tizimlari hamda ikki tusli yorug‘lik-diodli chaqnoq bilan ta’minlangan.

ZenFone Ares selfi ishqibozlariga ham ma’qul tushadi – uning ekrani ustiga joylangan 8 megapikselli old kameraning maksimal diafragmasi ham f/2,0’ga, ko‘rish burchagi esa 85 darajaga teng.

O‘QING: "Malika"dagi yaxshi kamerali 5 ta arzon smartfon

Tayvanlik smartfonsoz bu telefonining «elektron yuragi» sifatida Qualcomm Snapdragon 821 protsessorini tanlagan. Mazkur chipset 2,4 GGs.gacha takt chastotasida ishlovchi to‘rtta Kryo yadrosini, Adreno 530 grafik tezlatgichini hamda X12 LTE mobil modemini o‘zida birlashtirgan. Smartfonning ishlash samaradorligini ta’minlashda u bilan naq 8 gigabayt hajmli tezkor xotira hamkorlik qiladi. Doimiy xotira tarzida esa bu smartfonga 128 gigabayt hajmli UFS 2.0 flesh-moduli o‘rnatilgan.

Ushbu devays Wi-Fi 802.11ac 2×2 MIMO hamda Bluetooth 4.2 simsiz aloqa adapterlari, daktiloskopik skaner, GPS priyomnik, zamonaviy USB Type-C porti hamda sifatli audiotizim bilan ham jihozlangan.

3300 mA/soat sig‘imli akkumulyatori ZenFone Ares’ni quvvat bilan ta’minlab turadi. Hybrid dual SIM (micro+nano/microSD) tizimi bilan ta’minlagan ushbu smartfon Android operatsion tizimining 7.0 (Nougat) talqini boshqaruvi ostida ishlaydi. ASUS ZenFone Ares modeli uchun taxminin 330 AQSh dollari miqdorida narx belgilangan.

O‘QING: Qimmat degani - zo‘r degani emas

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!