Acer smartfon qalinligidagi qudratli ultrabukini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1582
  •  08.01.2018 16:36

Acer smartfon qalinligidagi qudratli ultrabukini taqdim etdi

Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tayotgan CES 2018 ko‘rgazmasida Acer kompaniyasi ixcham Swift 7 noutbukini namoyish etdi. Uning qalinligi atigi 8,98 millimetrni tashkil etsa-da, texnik ta’minot jihatidan uncha-muncha zamonaviy smartfonlarni ortda qoldiradi.

O‘QING: Linux ikki milliondan oshiq noutbuklarni ishdan chiqardi – endi ularni faqat servis markazlari tuzatishi mumkin

Acer Swift 7 korpus alyuminiydan ishlangan, ammo bu uning 4G LTE tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlovchi modul bilan jihozlanishiga xalaqit bermagan. Xuddi barcha smartfonlarda bo‘lgani kabi, uyali aloqa antennasi bu ultrabukda ham shassining o‘ziga joylangan. Noutbukka nano-SIM hamda eSIM formatidagi kartalar tushadi.

Ultrabukning ekrani sensorli, o‘lchami diagonaliga 14 dyuymni tashkil etadi, tasvir aniqligi esa 1920×1080 pikselli. Displeyga hamda tachpadga Corning Gorilla Glass NBT himoya shishasi yotqizilgan.

Klaviaturasining tugmachalari, agar tashqarida yaxshi yoritilmagan sharoit bo‘lsa, ichkaridan yoritiladi. Undan chap tomonda barmoq izi skaneri o‘rin olgan.

Acer Swift 7 samaradorligi uchun yettinchi avlod Core i7 protsessori javobgar. Qurilmaga 8 GB tezkor va 256 GB ichki xotira o‘rnatilgan. Akkumulyator sig‘imi hozircha ma’lum qilinmayotir, ammo, ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, noutbuk bitta quvvati bilan 10 soatgacha avtonom tarzda ishlay oladi.

O‘QING: Microsoft korporatsiyasi MacBook 12’dan uch hissa yuksak avtonomlikka ega inqilobiy noutbuklarni taqdim etdi (+video)

Mazkur noutbuk joriy yilning mart oyidan AQShda 1699 dollar narxida sotuvga chiqadi. Yevropada esa uning savdosi aprel oyida boshlanishi rejalashtirilgan, narxi 1699 yevroni tashkil etadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!