«Aeroflot»ning “tekin bilet”larini kim tarqatgani ma’lum bo‘ldi

«Aeroflot»ning “tekin bilet”larini kim tarqatgani ma’lum bo‘ldi

O‘tgan dam olish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarda «Aeroflot»ning 2 ta bepul biletlarini yutib olish taklif qilingan postlar ommaviy ravishda tarqalgan edi. Bu post o‘zbek auditoriyasiga rossiyalik internet foydalanuvchilari orqali kirib keldi.

Rossiyaning kompyuter jinoyatlarini aniqlashga ixtisoslashgan Group-IB kompaniyasining ma’lum qilishicha, “aksiya” tashkilotchilari Pokistonda joylashib olishgan. Ular «Aeroflot» bilan birga, jahonning taniqli 18 brendlari, jumladan Emirates, Virgin America, Lufthansa kabi aeroportlari nomidan noqonuniy foydalanishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bu jinoiy ishlar boshida Islomobod shahrida istiqomat qiluvchi 28 yoshlik hakker turibdi. U mart oyidan boshlab 95 ta sayt ko‘rinishidagi “qarmoq resurs”larni tayyorlagan va o‘z qurbonlarini Facebook kabi ommabop ijtimoiy tarmoqlardan izlagan. May-iyun oylari ommaviy dam olish mavsumi bo‘lgani bois, hakker aviachipta odamlarni “ilintirish”ning eng oson yo‘li ekanini to‘g‘ri taxmin qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan postlar soxta saytlarga olib borgan va u yerda aldanganlardan foydalanilgan, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar olingan. Ekspertlarning fikricha, xavfli tomoni shundaki, bu hakkerlik tizimi texnik jihatdan modifikatsiya qilingan va u o‘zi kirgan qurilmaning ojiz tomonini bilib olgach, xohlagan paytda unga hujum uyushtirishi mumkin.

Hakkerlar bu hujum yordamida pul mablag‘lari va shaxsiy suratlarni o‘g‘irlashlari, ma’lumotlardan foydalanib shantaj usullarini yo‘lga qo‘yishlari va smartfon egasining suhbatlarini tinglashlari mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, bunday tarmqolarda asosan troyan viruslaridan foydalaniladi. Bunday vaziyatda kiber xurujlar qurboni bo‘lmaslik uchun turli akkauntlardagi va hisob raqamdagi parollarni zudlik bilan o‘zgartirish kerak.

Internet tarmog‘ida har qanday ko‘rinishdagi aksiyalarda ishtirok etishdan avval “tekin pishloq qopqonda bo‘ladi”, degan naqlni unutmaslik — maqsadga muvofiq.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!