Akkumulyator borasida «qirol» smartfon savdoga chiqdi

  •   DiMaX
  •  4848
  •  06.06.2017 15:44

Akkumulyator borasida «qirol» smartfon savdoga chiqdi

OUKITEL kompaniyasi K10000 Pro smartfonining dunyo bo‘ylab sotuvini boshladi, deb yozadi Androidinsider nashri. Kutilganidek, qurilma 10000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga, tezkor quvvatlash texnologiyasiga hamda yuksak samaradorlikka ega.

Ayni damda K10000 Pro – eng sig‘imdor batareyaga ega smartfon bo‘lib turibdi. Kutish rejimida u quvvatlashsiz bir oydan oshiq vaqt turib bera oladi. Uzoq muddatli sayohatga chiqqanda, telefonda ko‘p gaplashish zarurati bo‘lgan hollarda, shuningdek, o‘yinlar o‘ynashda akkumulyator sig‘imining ahamiyati juda katta. Tag‘in, shuncha katta ichki hajmga ega bo‘lgani holda, mazkur smartfon akkumulyatori atigi ikki yarim soatda to‘liq kuch to‘play oladi. Bunga esa jamlanmaning o‘zida keladigan 12V/2A adapteri imkon beradi.

Bulardan tashqari, K10000 Pro aql bovar qilmas darajada yuqori samaradorligi bilan ham ajralib turadi. U ARM Mali-T860 GPU grafikali MT6750T Octa-core Cortex A53 chipida ishlaydi. Tezkor xotirasi 3 GB, o‘ziga Android 7.0 versiyasi o‘rnatilgan. Full HD sifatli displeyining diagonali o‘lchami esa 5,5 dyuymga teng. Uning asosiy kamerasi 13, old kamerasi esa 5 megapikselli modulga ega.

K10000 Pro smartfoni faqat qora rangda chiqarilgan, narxi esa 219,99 AQSh dollari qilib belgilangan. Biroq sotuvlar boshlanishiga bag‘ishlangan aksiya doirasida uni hozirda 179,99 dollarga olish imkoni mavjud. Smartfon savdoga qo‘yilgan onlayn-do‘konlar ro‘yxati esa ishlab chiqaruvchining saytida berilgan.

Ushbu devays tasvirlangan videolavha hamda uning boshqa xususiyatlari bilan mana bu maqolamizda tanishib olishingiz mumkin.

Darvoqe, mazkur ishlab chiqaruvchining bundan oldingi Oukitel K10000 modeli ham batareyasi baquvvat smartfonlar reytingida yetakchi ekanini ta’kidlash joiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!