Akkumulyator turlari: litiy-ionli yaxshimi yoki litiy-polimerli?

  •   DiMaX
  •  8526
  •  28.08.2017 12:41

Akkumulyator turlari: litiy-ionli yaxshimi yoki litiy-polimerli?

Smartfoningiz yoki planshetingiz qanday batareyada ishlashini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Aftidan, agarda Samsung’ning Galaxy Note 7 fabletlari akkumulyatordagi nosozlik tufayli yonib ketishni boshlamaganida, ko‘pchilik foydalanuvchilar batareya haqida o‘ylab ham ko‘rishmasdi. Biz avvalroq ularning portlashi, buning sabab va oqibatlari, himoyalanish usullari haqida maqola e’lon qilganmiz. Bugun esa akkumulyatorlarning turlari xususida so‘z yuritamiz.

Hozirgi kunda mobil gadjetlarda ikki xil batareyalar qo‘llanmoqda: litiy-ionli (Lithium-Ion yoki Li-ion) hamda litiy-polimerli (Lithium-Polymer yoki Li-po) akkumulyatorlar. Bulardan har birining o‘ziga yarasha xususiyatlari, ustunliklari va kamchiliklari mavjud.

Lithium-Ion akkumulyatorlar

Ishonish qiyin, ammo Li-ion texnologiyalari hali mobil telefonlar yaratilmasidan burungi davrdan – 1912 yildan buyon amalda. Lekin 1991 yilga kelib, mazkur texnologiyani Sony o‘zlashtirib olgach, u taraqqiyotdan to‘xtagan.

Li-ion batareyalar energiya zichligi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Ya’ni, ularda hajm birligiga to‘planadigan quvvat litiy-polimer batareyalarga qaraganda ancha yuqoridir. Shu bilan birga, uning tannarxi ham nisbatan arzon tushadi. Bulardan tashqari, Li-ion batareyalar birinchi foydalanishda quvvatlashni talab etmaydi.

Lithium-Ion batareyalarning qisqacha tavsifi:

Kimyoviy reaksiya: elektrolitga bog‘liq holda o‘zgarib turadi;

Ishlash harorati: -20ºC dan to 60ºC gacha;

Qo‘llanilish sohasi: uyali telefonlar, mobil hisoblash qurilmalari;

Boshlang‘ich kuchlanishi: 3,6 & 7,2;

Sig‘imdorligi: turlicha, ammo odatda nikel-kadmiyli akkumulyatorlarga nisbatan ikki karra katta;

Quvvati kamayishi: bir tekis;

Ish davomiyligi: 300-400 sikl;

Quvvatlash harorati: 0ºC dan to 60ºC gacha;

Sig‘imning kamayib borishi: oyiga -0.1%.

Umumiy xususiyatlari: odatda qurilmaning ichida quvvatlashga mo‘ljallab chiqariladi, ammo ayrim hollarda qurilmadan tashqarida ham to‘ldirish mumkin bo‘ladi. Kimyoviy tuzilishi sababli batareya faqat to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida ishlab chiqarilishi mumkin. Nikelli akkumulyatorlarga nisbatan yengil.

Lithium-Polymer akkumulyatorlar

Mazkur texnologiya ilk bor 1970-yillarda ishlab chiqilgan. Qattiq polimer elektrolitdan ishlangan ilk batareya plastik plyonka ko‘rinishida bo‘lgan. Shu sababli ham batareyalarning bu turi shakliga ko‘ra xuddi bank plastik kartochkasi singari yupqa ko‘rinishda bo‘laturib, yaxshigina hajmdagi quvvatni o‘zida saqlay biladi. Shuningdek, litiy-polimerli akkumulyatorlar juda yengil hamda xavfsizlik darajasi ham yuqori. Biroq bu batareyalar ishlab chiqaruvchiga birmuncha qimmatga tushadi. Shuningdek, unda quvvat sig‘imdorligi ham Li-ion turdagisiga qaraganda kamroqdir.

Lithium-Polymer batareyalarning qisqacha tavsifi:

Kimyoviy reaksiya: elektrolitga bog‘liq holda o‘zgarib turadi;

Ishlash harorati: past va yuqori haroratlarda ham yaxshi samaradorlikni namoyon etadi;

Qo‘llanilish sohasi: uyali telefonlar, mobil hisoblash qurilmalari;

Boshlang‘ich kuchlanishi: 3,6 & 7,2;

Sig‘imdorligi: batareyaga bog‘liq holda turlicha, ammo standart litiy-ionli akkumulyatorlarga nisbatan kichikroq;

Quvvati kamayishi: bir tekis;

Ish davomiyligi: 300-400 sikl;

Quvvatlash harorati: 0ºC dan to 60ºC gacha;

Sig‘imning kamayib borishi: oyiga -0.1%.

Umumiy xususiyatlari: faqat qurilmaning ichida quvvatlashga mo‘ljallangan, qurilmadan tashqarida to‘ldirib bo‘lmaydi. Nikelli akkumulyatorlarga nisbatan yengil. Turli shakllarda ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Yuqoridagi ko‘rsatkichlarni o‘zaro solishtirib, quyidagilarni aytish mumkin: litiy-polimerli batareyalar nisbatan chiroyli va yupqaroq, yana shakli istalgancha bo‘lishi mumkinligi ham ularning ustunligidir. Biroq litiy-ionli akkumulyatorlar o‘ziga ko‘proq quvvat sig‘dira olishi jihatidan baribir yuqori. Shuningdek, ularning tannarxi past ekanligi ham muhim ahamiyatga ega, zero, bu ko‘rsatkich smartfonsozlar uchun batareyaning qiymati, yakuniy iste’molchi – foydalanuvchi uchun esa smartfon yoki planshetning narxi arzon bo‘lishini ta’minlab beradi.

 Yana aytish kerakki, Samsung, Apple, Motorola va shu kabi mobil qurilmalar bozorining ilg‘or ishtirokchilari ham o‘z gadjetlariga Lithium-Ion turidagi akkumulyatorlarni o‘rnatishadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.