AKT sohasida Koreya bilan hamkorlik davom etadi

  •   DiMaX
  •  495
  •  20.03.2019 12:41

AKT sohasida Koreya bilan hamkorlik davom etadi

Janubiy koreyalik mutaxassislar O‘zbekistonda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda, yangi elektron davlat xizmatlarini ishlab chiqishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Koreya forumida shu haqida so‘z bordi, deb yozadi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

O‘QING: Elektron hukumat: Janubiy Koreya tajribasi

Xalqaro forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Unda Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Yun Jon In boshchiligidagi delegatsiya, yurtimiz vazirlik va idoralari, «Elektron hukumat» tizimi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarni ishlab chiqishga jalb etilgan janubiy koreyalik AKT mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirda hozirgi kunda raqamli texnologiyalarning rivojlanish darajasi va ulardan foydalanish samaradorligi dunyo mamlakatlari raqobatbardoshligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Shuning uchun zamonaviy AKTlarning jadal rivojlanishi, innovatsiyalarni joriy qilish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bunda «Elektron hukumat» tizimini modernizatsiya qilish va takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Elektron shaklda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari ko‘lami kengaymoqda. Bu, o‘z navbatida, fuqarolar va davlat xarajatlarini minimallashtirish imkonini berish barobarida korrupsiyaga qarshi kurashning samarali vositasi hamdir.

Anjumanda zamonaviy AKTlardan davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish va ularning ochiqligini ta’minlashda foydalanishning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi. Sohada qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga doir takliflar bildirildi.

Xususan, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonun mamlakatimizni iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur hujjat bilan jamoat va davlat qurilishi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish kompleks va tizimli ravishda tartibga solingan. Bu jamiyatni demokratlashtirishni yanada jadallashtirish, fuqarolarni qarorlar qabul qilish jarayoniga faol jalb qilish, axborot va zamonaviy davlat elektron xizmatlaridan foydalanish tizimini rivojlantirish uchun zarur tashkiliy-texnik sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Forum doirasida O‘zbekiston elektron hukumatining ustuvor vazifalari, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazining elektron hukumatni rivojlantirishdagi o‘rni, Koreya elektron hukumatining yutuq va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi» DUK direktori R.Sultonovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda «Elektron hukumat» tizimi rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston BMTning elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyo davlatlari reytingida 80 o‘rinni egalladi. Hozirgi vaqtda bu tizimda qator yirik axborot tizimlari faoliyat yuritmoqda. Ular orasida 140 dan ziyod elektron davlat xizmatlari taqdim etuvchi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ham bor. 2017 yilda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim ishga tushirilib, u orqali 325 nafar yakka tartibdagi tadbirkor va 128 yuridik shaxs iqtisodiy faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda Koreya Respublikasi BMTning elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyo davlatlari reytingida uchinchi o‘rinda qayd etiladi.

– Texnologik jarayon yangi elektron davlat xizmatlarini yaratish uchun yanada kengroq imkoniyatlar taqdim etmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi maslahatchisi Dzin Yuan Xo (Koreya). – Faoliyatim doirasida O‘zbekistonda «Elektron hukumat» tizimiga innovatsiyalar va raqamli iqtisodiyot texnologiyalarni joriy etishga yaqindan ko‘mak bermoqdaman. Barcha sa’y-harakatlarimiz elektron hukumatni yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu fuqarolarning davlat organlari bilan o‘zaro aloqasini sezilarli darajada yengillashtiradi.

Forum yakunida ishtirokchilar elektron hukumatni rivojlantirishning qonuniy asoslari, milliy axborot-kommunikatsiya tizimini takomillashtirish, elektron tijorat va soliq sohalariga elektron davlat xizmatlarini joriy etish istiqbollari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan davlat hokimiyati organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashda foydalanish borasida fikr almashdi.

Shuningdek, Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Yun Jon In boshchiligidagi delegatsiya o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan qator uchrashuv va muzokaralarda ham ishtirok etdi.

O‘QING: Bunaqasi bo‘lmagan: Kiberxavfsizlikka mas’ul Yaponiya vaziri umrida biror marta kompyuter ishlatib ko‘rmagan ekan!