Alifboni isloh qilish O‘zbekistonga haftada 1 milliondan oshiq soatni tejash imkonini beradi

  •   DiMaX
  •  753
  •  10.10.2018 09:45

Alifboni isloh qilish O‘zbekistonga haftada 1 milliondan oshiq soatni tejash imkonini beradi

Alifboni qanday isloh qilish yuzasidan turli xil va ba’zan bir-biriga zid fikrlar bildirilgan bo‘lsa ham, aksariyat mutaxassis va oddiy foydalanuvchilar ikki belgili harflar («ch», «sh», «o‘» va «g‘») yozuvimizdagi eng katta muammo va noqulayliklarga sabab bo‘layotganini ta’kidlashmoqda. Bu harflar yuzasidan bildirilgan takliflarning umumiy kayfiyati shuki, ularni bir belgi bilan alishtirish zarur.

O‘QING: Klaviaturadagi harflar nega alifbo tartibida emas?

Mening bu harflarni bir belgi bilan ifodalashga bo‘lgan munosabatimdan qat’i nazar, ushbu maqolada bunday islohot bizga qanchalik foyda keltirishini hisoblashga urinib ko‘raman. Maqola maqsadi uchun bu harflar qaysi belgilarga almashtirilishi ahamiyatsiz – asosiysi, ikki belgi o‘rniga bir belgi ishlatilsa kifoya.

O‘zbek tilidagi internet-kontent sifatini ko‘tarish maqsadida yaratilgan https://imlo.insof.uz ko‘ngilli loyihasi bazasi asosida men o‘zbek tilida ko‘p foydalaniladigan 400 mingdan ortiq so‘z ro‘yxatini tuzib chiqdim. Ro‘yxatga barcha turkumlar, turlangan va tuslangan so‘zlar, atoqli otlar – xullas, yozma nutqimizni tashkil qilgan juda ko‘p so‘zlar kiritildi.

Ro‘yxat asosida tilimizda har bir belgi qancha ulushga ega ekanini hisobladim (bir harfning katta va kichik ko‘rinishlari birdek hisobga olgan holda). Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, yozma nutqimizning 14 foizini – «a» harfi, 13 foizini – «i» harfi, 8 foizini – probel, 8 foizini – ikki belgili harflar va qolgan 57 foizini – boshqa harf va belgilar tashkil qilar ekan.

Yuqoridagidan kelib chiqadiki, ikki belgili harflar bir belgiga o‘zgartirilsa, kompyuter yoki mobil uskunalarda matn terishda bajariladigan tugma bosishlar soni 4 foizga qisqaradi (ya’ni, 8 foizning yarmiga – chunki bu harflarni terish uchun ikkita emas, endi bitta tugma bosiladi). Demak, yozuvimizdagi ikki belgili harflarni isloh qilib, biz matn terishda 4 foiz vaqtimizni tejab qolamiz.

Bu kimgadir juda kichik raqamdek ko‘rinishi mumkin, ammo mamlakat miqyosida olib qaralsa, 4 foiz juda katta ahamiyatga ega. Buni yaqqol tushunish uchun, quyidagi jadvalga e’tibor qarataylik:

 

Harfiy ifodasi / hisoblash formulasi

Miqdori

Ikki belgili harflar bir belgiga o‘zgartirilsa, matn terishda tugmalarni bosish miqdori qisqarishi

Q

4%

Bitta tugmani bosishga sarflangan vaqt (soniyada) [1]

T

0.3

Odatiy foydalanuvchi tomonidan bir haftada bajariladigan tugma bosishlar miqdori [2]

B

20,000

O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari miqdori [3]

F

20,000,000

Bir haftada O‘zbekiston bo‘ylab bajariladigan jami tugma bosishlar miqdori

B x F

400,000,000,000

Ikki belgili harflar bir belgiga o‘zgartirilsa, bir haftada O‘zbekiston bo‘ylab jami tejab qolinadigan vaqt (soatlarda)

(B x F x T x Q) / 3600

1,290,344

So‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda bir haftada klaviatura tugmalari 400 milliard marta bosiladi. Agar ikki belgili harflar bir belgi bilan ifodalansa, biz bir haftada klaviatura tugmalarini taxminan 16 milliard marta kamroq bosamiz. O‘rtacha foydalanuvchi bir soniyada klaviatura tugmasini 3 marta bosadi, deb olsak, bu – haftasiga xalqimiz matn terishga 4.5 milliard soniya kamroq vaqt sarflaydi, degani. Soatlarda ifodalasak, bu ko‘rsatkich jamiyatimiz elektron qurilmalarda matn terishga haftasiga taxminan 1 million 250 ming soat kamroq vaqt sarflaydi, deganidir.

Har haftada shuncha vaqt tejalishidan jamiyatga keladigan nafni baholashni men boshqa iqtisodchilarga qoldiraman. Albatta, bir narsani yodda saqlash kerakki, alifboni isloh qilish xarajatlarni ham talab qiladi. Jamiyat asta-sekinlik bilan yozma nutqini (adabiyot va ilm-fanni) yangi – qulayroq alifboga o‘tkazguncha, ma’lum qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy.

Nima bo‘lganda ham, alifboni isloh qilishdan keladigan naf va zararlarni odilona baholab, eng optimal yo‘lni tanlashimiz kerak, deb bilaman.

Javlon Jo‘rayev

Manba: texnoman.uz

O‘QING: Gboard klaviaturasi yangilandi: qoraqalpoq tili, GIF-suratlar va oson qidiruv...

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!