Allaqachon Galaxy S9 va S9+ nuqsonlaridan shikoyat qila boshlashdi

  •   DiMaX
  •  4117
  •  22.03.2018 15:27

Allaqachon Galaxy S9 va S9+ nuqsonlaridan shikoyat qila boshlashdi

Samsung kompaniyasining Galaxy S9 hamda Galaxy S9+ flagmanlari savdosi kutilmagan anglashilmovchiliklar bilan boshlangani haqida xabar bergandik. Endi esa ushbu smartfonlar xaridorlari allaqachon ulardagi defektlardan shikoyat qilishni boshlashgan.

O‘QING: Galaxy S9 savdosi «ishkal» bilan boshlandi, Samsung allaqachon uzr so‘radi

Janubiy koreyalik gigantning yangi smartfonlarida sensor ekranda kamchiliklar uchrayapti ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda hamda rasmiy forumlarda foydalanuvchilarning yozishlaricha, displeylarda teginishlarni qabul qilmaydigan «o‘lik hudud»lar paydo bo‘lib qolmoqda. Shikoyatlarning aksariyati Samsung Galaxy S9+ modeliga tegishli, lekin Galaxy S9 smartfonida ham shu muammo mavjud.

Kuzatuvchilarning fikricha, mazkur muammo qurilmalarning dasturiy ta’minotiga emas, balki apparat qismiga tegishli. Chunki smartfonning sozlamalarini dastlabki holatga qaytargandan so‘ng ham nuqson yo‘q bo‘lmayapti. Ekranning turli hududlari sezgirlikni yo‘qotishi mumkin va aynan qayerni ishlamay qolishini oldindan bilib bo‘lmaydi.

O‘QING: Ekrandagi «o‘lik» piksellarni tekshirish

Ayrim foydalanuvchilar displeyning yuqori qismida «o‘lik hudud»lar yuzaga kelganidan nolishgan, boshqalar esa – pastki yoki o‘rta qismida. Qizig‘i – ishlamaydigan hududlar ko‘p hollarda gorizontaliga joylashgan. Bu esa telefonni ishoralar vositasida boshqarishda yanada yaqqol sezilayotir. Shuningdek, vertikal klaviatura holatida matn terishda ham bu nuqson kerakli so‘zni yozishga imkon bermay qo‘ymoqda.

Samsung kompaniyasi hozircha ushbu muammoga biror izoh bergani yo‘q. Bundan tashqari, kafolat bo‘yicha smartfonni boshqasiga almashtirib olishga harakat qilgan xaridorlar yana bir muammoga duch kelishayotir: «trade-in» dasturi bo‘yicha olingan qurilmaga bunday kafolat shartlari joriy etilmas ekan.

Nima ham derdik, agarda siz ham janubiy koreyalik texnogigantning so‘nggi flagmanlaridan sotib olmoqchi bo‘lsangiz, yaxshilab tekshirib, kafolat shartlarini aniqlashtirib va asosiysi – ishonchli sotuvchilardan xarid qilganingiz ma’qul.

O‘QING: Kuchli smartfon brendlari bilan rasman ishlaydigan do‘kon ochilishi kutilmoqda

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!