Andijonda internetdan g‘arazli maqsadda foydalanganlar jazolandi

  •   DiMaX
  •  1779
  •  02.03.2019 10:53

Andijonda internetdan g‘arazli maqsadda foydalanganlar jazolandi

Andijon shahar Maishiy xizmat kasb-hunar kollejida Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘rinbosari Adhamjon Mirzayev raisligida sayyor sud bo‘lib o‘tdi. Unda, jumladan, internetdan g‘arazli maqsadda foydalangan shaxslarning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi, deya xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

O‘QING: O‘zbekistonlik Facebook foydalanuvchisi bo‘htoni uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi

Andijon shahri Maydonbozor mahallasida yashovchi N.V. endigina 27 yoshni qarshilagan. U yosh bo‘lsa ham, shahridagi korxonalardan birida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlaydi. Uning yurish-turishiga ko‘pchilikning havasi keladi. Biroq...

Biroq u internetda – Telegram messenjerida «Billo Vohidov» profilini ochib, diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan maxsus ma’ruzani «Doʻstlarim» nomi bilan tashkil etilgan virtual guruh a’zolariga tarqatgan. Bu harakati bilan yurtimizdagi ko‘plab yoshlarning ongini zaharlashga uringan.

Andijon tumani Yangiobod mahallasida yashovchi J.Q. esa qirq yoshni qoralagan, uch farzandning otasi. U ham o‘zining uyali telefoni hamda kompyuter orqali «odnoklassniki.ru» ijtimoiy tarmog‘ida o‘ziga notanish profil egalaridan biri bilan do‘stlashadi. Tanishish-ku yomon ish emas, lekin notanish profil egasi tomonidan yuborilgan «jihod» va «shahid»likka da’vat qiluvchi, diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan audio va video ma’ruzalarini tinglab, ularni «Do‘stlar» guruhidagi shaxslarga tarqatgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ularning har ikkalasiga besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Lekin sud insonparvarlik tamoyillarini, ularning o‘z qilmishlaridan pushaymonligini inobatga olib hamda mahalla fuqarolar yig‘ini, ota-onalari kafilligi bilan jazoni shartli deb belgiladi, ularga 3 yil sinov muddati berildi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari, keng jamoatchilik vakillari, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan sayyor sudda yuqoridagi kabi xatti-harakatlarning ayanchli oqibatlari, jamiyatga, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’siri, shuningdek, yoshlarning internet tarmog‘idan oqilona foydalanishlari, buzg‘unchi g‘oyalarga ergashmaslik xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Yoshlarning uyali telefon va kompyuterda foydalanishlarini ota-onalar, o‘qituvchilar doimiy nazorat qilib borishlari zarurligi aytib o‘tildi.

Sayyor sud majlisida huquqshunoslar fuqarolar, yoshlarning huquqiy bilim va savodxonligini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, turli illatlarga barham berish, jinoyat va huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazdi.

O‘QING: O‘zbekistonda VPN va Proxy’dan foydalanganlik uchun jazo belgilandimi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!