Android 9 Pie’da yana bitta jiddiy muammo chiqdi!

  •   DiMaX
  •  2510
  •  15.08.2018 15:41

Android 9 Pie’da yana bitta jiddiy muammo chiqdi!

Turli smartfonsozlar ushbu oyning boshida taqdim etilgan Android 9.0 Pie talqinidagi mobil operatsion tizim asosida o‘z smartfonlari uchun proshivkalarni taqdim eta boshlashgan. Ammo bu yangilanishdan so‘ng qurilmalarni oldingi versiyadagi tizimlarga qaytarib bo‘lmaydi.

O‘QING: Android 9 Pie’ga o‘tmoqchimisiz? Yodda tuting: orqaga yo‘l yo‘q!

XDA jamoasi dasturchilari esa Android 9 Pie’ni o‘rganib chiqib, undagi yana bir jiddiy kamchilikni aniqlashdi. Mazkur tizim talqinida telefon qo‘ng‘iroqlarini yozib olish imkoni umuman bo‘lmas ekan! Operatsion tizimning o‘zida bu funksiya yo‘qligi-ku mayli, hatto qo‘ng‘iroqlarni yozib olishga mo‘ljallangan ilovalardan birortasi ham unda ishlay olmasligiga nima deysiz?!

Aslida buning ham o‘ziga yarasha sababi bor – Google telefondagi suhbatlarning noqonuniy yozib olinishi va keyinchalik ulardan shantaj, tovlamachilik yoki shunga o‘xshash g‘araz maqsadlarda foydalanilishiga qarshi shu yo‘l bilan kurashmoqchi. Bu yo‘ldagi ilk qadamini u Android 6.0 Marshmallow talqinidayoq boshlagandi. O‘shanda qidiruv giganti operatsion tizimdan qo‘ng‘iroqlarni yozib olishga xizmat qiluvchi API’ni olib tashlagandi. Lekin chet dasturchilar qo‘ng‘iroqlarni yozib olish funksiyali, Google xizmatidan ham ajoyib bo‘lgan bir-biridan zo‘r ilovalarni taqdim eta boshlashdi.

O‘QING: Android uchun diktofon tanlaymiz

Mana, nihoyat, Google niyatiga yetdi – Android 9.0 Pie talqinida endi o‘sha ilovalarni ham ishlata olmaysiz! Aniqrog‘i – ular ishlashi uchun smartfonda root-huquqini olish kerak bo‘ladi. Rut qilingan smartfonning xavfsizligi hamda unga o‘rnatilgan dasturiy ta’minotlar uchun esa Google mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi.

Google’ning mazkur masalada bu qadar qat’iy yo‘l tutganiga ayni damda ko‘pchilikning ishongisi kelmayapti. Android Pie test jarayonlari ketayotgan paytlari, qidiruv giganti o‘z mobil operatsion tizimida suhbat yozib olinayotganini bildiruvchi funksiyani sinab ko‘rayotgani xususida xabar chiqqandi. Ya’ni, unda siz telefon muloqotingizni yozib ola boshlashingiz bilan suhbatdoshingizga bu haqda xabar boradigan bo‘ladi.

Ehtimol, tizimning navbatdagi talqinlarida telefon suhbatini yozib olish imkoni bilan birga shu funksiya ham taqdim etilishi mumkin. Bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzating.

O‘QING: Android-qurilmada telefon suhbatini qanday yozib olsa bo‘ladi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!