Android asoschisining kompaniyasi «aqlli» ko‘zoynak uchun patent oldi

  •   DiMaX
  •  1081
  •  03.06.2017 10:46

Android asoschisining kompaniyasi «aqlli» ko‘zoynak uchun patent oldi

Android platformasi yaratuvchilaridan biri – Endi Rubin rahbarligidagi Essential kompaniyasi smart-ko‘zoynak ishlab chiqarishi mumkin. Bu haqda Patently Apple hamda The Verge ma’lumotlariga tayangan holda 3DNews – Daily Digital Digest nashri xabar bermoqda.

Patently Apple mutaxassislari tomonidan topilgan patent arizasi shunga guvohlik bermoqda, deyiladi xabarda. Arizada standart ko‘zoynak formatidagi, ammo ichki kamera va displey o‘rnatilgan qurilma konsepti tavsiflanadi.

Snapchat kompaniyasining Spectacles qurilmasiga o‘xshab, Essential’ning yangi patentlagan gadjeti ham o‘ziga o‘rnatilgan kamera yordamida foto va video tasvirga olish uchun qo‘llanadi. Shu bilan birga, xuddi Google Glass singari, Essential «aqlli» ko‘zoynagi ham qandaydir turdagi to‘ldirilgan reallik texnologiyasi yordamida haqiqiy borliqni raqamli axborot hamda tasvirlar bilan to‘ldiradi.

Hujjatda tavsiflangan qurilma retseptur, fotosezgir va quyoshdan himoyalovchi linzalar bilan jihozlangan. Shuningdek, unda «ikki rejimli displey» to‘g‘risida ham gap boradi; u ko‘zni tekshirish uchun ichkariga qaratilgan kamerani qo‘llaydi.

Shuningdek, patent mazkur ko‘zoynakni to‘ldirilgan reallik (to‘ldirilgan borliq) qurilmasi sifatida ham qo‘llash mumkinligini ta’riflaydi. Masalan, u real vaqt rejimida do‘kondagi narxlarni o‘zaro taqqoslashi mumkin.

«Atrofdagi – foydalanuvchi ko‘rib turgan real borliq asosida, uning nigohi yo‘nalishiga bog‘liq holda, protsessor uning atrofini to‘ldirish uchun tasvirlar qo‘sha oladi, – deyiladi hujjatda. – Masalan, agar foydalanuvchi mahsulotdagi shtrixkodga qarasa, qurilma ayni shu nomdagi mahsulotni boshqa do‘konlarda arzonroq xarid qilish variantlarini ko‘rsatishi mumkin».

Wired resursiga bergan intervyusida Rubin Google Glass smart-ko‘zoynagini tilga olib o‘tgan. Uningcha, bu qurilmaning «muvaffaqiyatsiz chiqishi sababi – texnologiyaning o‘zi yomon bo‘lganida emas, balki dunyo hali unga tayyor bo‘lmaganida». Aftidan, o‘z kompaniyasi «aqlli» ko‘zoynagini ommalashtirish borasida Rubinning o‘z g‘oyalari ham bo‘lsa kerak.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha – 30 may kuni bu kompaniya titan korpusli smartfon – Essential Phone’ni taqdim qilgan edi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.