Android O endi yo‘q, Android 8.0 Oreo’ni qarshi oling! (+video)

  •   DiMaX
  •  1982
  •  22.08.2017 12:21

Android O endi yo‘q, Android 8.0 Oreo’ni qarshi oling! (+video)

Google mobil operatsion tizimining navbatdagi versiyasi Android O deb nomlanishi haqidagi xabarlar ko‘p tarqalgan edi. Biroq 21 avgust kuni kompaniya o‘z blogida mazkur talqin operatsion tizimi Android 8.0 Oreo deb atalajagini rasman ma’lum qildi.

Bilamizki, Google o‘z operatsion tizimining har bir yangi talqinini biror shirinlik turi nomi bilan atab kelayotir. Qizig‘i – bunda u alifbo tartibiga ham qat’iy amal qiladi. Masalan, oldingi – Android 7.x talqini Nougat deb nomlangandi.

To‘g‘ri, ko‘pincha marketologlar Android talqinlarini nomlashda asosan umumiy nom bo‘lgan turdosh otlardan foydalanib kelishmoqda. Oreo esa Nabisco qandolatchilik fabrikasining kremli pechenesi markasi hisoblanadi. Biroq bu yondashuv ham yangilik emas: Android 4.4 KitKat ham Nestle’ning shokolad batonchigi nomidan olingan edi.


Android 8.0 Oreo chiqish kodlari allaqachon Android’s Open Source Platform (AOSP) platformasida ommaviy taqdim etilgan. Pixel hamda Nexus 5X/6P smartfonlari, shuningdek Pixel C plansheti va Nexus Player pleyeriga kelsak, ular uchun yangi proshivka hozirda sinov jarayonlarining yakuniy bosqichida va tez orada rasman taqdim etiladi. Boshqa ishlab chiqaruvchilarning gadjetlari uchun operatsion tizim yangilanishlari chiqish muddatlari esa, odatdagidek, ularning chaqqonliklariga bog‘liq.

Xo‘sh, smartfonon va planshetlar Android 8.0 Oreo talqinigacha yangilangach, devayslar sohiblari qanday yangi detallarga ega bo‘lishadi?

Eng yoqimli yangiliklardan biri – Notification Dots, yoki bildirishnomalar nuqtasi hisoblanadi. Uning mohiyati shundaki, u yoki bu ilovadani ochmasdan turib, undagi bildirishnomalarni o‘qish uchun o‘sha ilova yorlig‘iga barmoqni bosib turishning o‘zi kifoya qiladi.

Agarda video ijro etilayotgan payti smartfonda biror boshqa amalni bajarishga to‘g‘ri kelib qolsa, tomosha qilishni to‘xtatishga hojat bo‘lmaydi. Picture-in-Picture (rasm ichida rasm) funksiyasidan foydalangan holda video ilovasining o‘lchamini kichraytirib, ekran burchagiga joylab qo‘yaverasiz. Ayni damda mazkur rejimda faqat bir nechta ilovalargina ishlay oladi, lekin kelajakda uni barcha pleyerlar va videochatli messenjerlar ham qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ladi.

Darvoqe, chatlar haqida: virtul olamda noverbal (so‘z ishlatmagan holda) muloqot qilishni xush ko‘ruvchilar uchun Android 8.0 Oreo tizimida barcha mavjud emodzilar qayta chizib chiqilgan va yana 60 ta yangisi qo‘shilgan.


Interfeysga oid yana bir o‘zgarish – sozlamalar menyusining yanada sodda tuzilishi hisoblanadi. Unda kerakli punktni topish yanada osonlashdi va tezroq kechadigan bo‘ldi.

Endi telefonning o‘zi ham tezroq yonadigan bo‘ldi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashlaricha, Pixel smartfonining yoqilish jarayoni naq ikki baravarga tezlashgan. Shu bilan birga, ilovalarning fondagi faolligi chegaralangan, bu esa qurilmaning ishlash muddatini uzaytirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak.

Shuningdek, xavfsizlik ustida ham ishlashgan yangi ishlab chiqilgan: Google Play Protect funksiyasi ilovalarni va umuman tizimni avtomatik tarzda tekshirib turadi. Bulardan tashqari, gadjetning o‘zi yo‘qolib qolgan holatlarda ham Google Play Protect uni topishga ko‘maklashadi.

Boshqa yangiliklar qatorida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin: ilovalar uchun login va parollarning avtomatik to‘ldirilishi; dasturni o‘rnatmasdan turib ishga tushirish imkonini beruvchi, sukut bo‘yicha yoqilgan Instant Apps rejimi; yorliqlarning moslashuvchanligi, matnlarni belgilab olishda qulay bo‘lgan, telefon raqamlari hamda elektron pochta manzillarini farqlay oladigan Smart Text Selection «aqlli» texnologiyasi va hokazo.

Turli ishlab chiqaruvchilarning tegishli modellari uchun Android 8.0 Oreo tizim talqini qachon joriy etilishini bilib borish uchun bizdan uzoqlashmang!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!