Android-smartfonlarda yangi troyan tarqalmoqda

  •   DiMaX
  •  1315
  •  07.07.2017 10:35

Android-smartfonlarda yangi troyan tarqalmoqda

«Kasperskiy laboratoriyasi» Android tizimli qurilmalarga tushuvchi yangi troyan – Xafekope virusini aniqladi. Bu to‘g‘rida antivirus kompaniyasining saytida ma’lumot berilgan.

«Obunasevar» troyan

Xafekope virusi smartfonga tushib olgach, telefon egasini pulli servislarga obuna qilib qo‘yadi va natijada uning mobil raqami hisobidan pullar ketaveradi.

Ushbu troyan butun dunyo bo‘ylab tarqalmoqda, lekin asosiy zarba Rossiya va Hindistondagi foydalanuvchilarga bo‘lgan. Mazkur mamlakatlardagi abonentlarga hujumlarning tegishlicha 61 va 25 foizi to‘g‘ri keladi. Qizig‘i – kiberjinoyatchilar ular uchun mazkur virusning alohida modifikatsiyalarini ishlab chiqishgan.

Xafekope pulli servislarga obuna bo‘lish uchun mustaqil tarzda havolalarni ochadi yoki xabarlar yuboradi. Botlarni aniqlashga moslangan test – kapchani bu virus qandaydir yo‘l bilan aylanib o‘ta oladi. Shu tariqa, u rossiyadagi to‘rtta uyali aloqa operatori saytida pulli obunani tasdiqlaydi. Agarda abonent o‘z raqami hisobini bank plastik kartasidan avtomatik to‘ldirib boriladigan qilib qo‘ygan bo‘lsa-ku – kartasidagi barcha puli ketdi, deyavering...

Qayerdan paydo bo‘lgan?

Xafekope virusi xuddi Android uchun ishlab chiqilgan ommabop yoki foydali biror ilovaga o‘xshab niqoblanib oladi. Tarqalishining asosiy manbasi – reklama hisoblanadi. Shu bois ham smartfon foydalanuvchilari ehtiyot bo‘lishlari va shubhali manbalardan ilovalar olib o‘rnatmasliklari tavsiya etiladi.

Mutaxassislarning aniqlashlaricha, Xafekope virusi xitoycha tilli dasturchilar tomonidan yaratilgan. U ayrim jihatlariga ko‘ra Ztorg troyani bilan umumiyliklarga ham ega. Balki, kiberjinoyatchilarning bir guruhi ikkinchilaridan virus yaratishda qo‘llangan fayllarni o‘g‘irlab yoki sotib olgan bo‘lishlari ham mumkin.

Har ehtimolga qarshi, Android uchun eng zo‘r 8 ta antivirus, shuningdek, mazkur tizimli qurilmalar uchun chiqarilgan bepul antiviruslar bilan tanishib qo‘yishingizni tavsiya etamiz.


Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!