Android uchun aprel oyidagi eng yaxshi ilovalar

  •   DiMaX
  •  2085
  •  01.05.2017 18:15

Android uchun aprel oyidagi eng yaxshi ilovalar

O‘tgan oyda Android tizimli qurilmalar uchun yangi ilovalar chiqdi, ba’zi dasturlarning yangi versiyalari taqdim etildi. Quyidagi to‘plamda ulardan eng yaxshilarini, ommaviylarini sanab o‘tamiz. Ro‘yxatdagi dasturlardan ayrimlari siz uchun yangilik bo‘lsa, qolganlari avvaldan tanish.

Gboard

Google kompaniyasi o‘zining Gboard klaviaturasi uchun navbatdagi yangilanishni chiqardi. Unda kursor klavishlari, matnni nusxalash va qo‘yish funksiyasi, bitta qo‘lda terish uchun yaxshilangan rejim hamda tashqi ko‘rinishida bir nechta qiziqarli o‘zgarishlar paydo bo‘lgan.

Agarda siz beta-sinov dasturi ishtirokchisi bo‘lsangiz, GBoard’ning yangi versiyasini Google Play katalogidan ushbu havola orqali yuklab olishingiz, uning imkoniyatlari bilan esa mana bu xabarimizda tanishishingiz mumkin.

GlassWire

Mazkur ilova mobil tarmoq, shuningdek  Wi-Fi orqali foydalanilayotgan trafik miqdorini batafsil bilishni istovchilar uchun ishlab chiqilgan. Ma’lumotlarni real vaqt rejimida, chiroyli grafikada ko‘rish mumkin. Shuningdek, GlassWire ma’lum bir vaqt – kun, oy, yil davomidagi ma’lumotlar uzatish statistikasini ham ko‘rsatadi.

Dasturni mana bu havola orqali olib o‘rnatish mumkin, uning xususiyatlari bilan batafsil tanishish uchun esa tegishli maqolamizni o‘qib chiqing.

Linux CLI Launcher

Linux CLI Launcher bizning Android tizimi interfeysi va undan foydalanish haqidagi odatiy tasavvurlarimizni ostin-ustun qilib yuboradi. Launcherning asosiy elementi – buyruqlar satri (komandnaya stroka) hisoblanadi. Smartfonda biror dasturni ishga tushirish, SMS yuborish va boshqa oddiy ishlarni bajarish uchun… buyruqlarni terish kerak!

Maqolamizda ta’kidlaganimizdek, Linux CLI Launcher ko‘proq dasturchilarga mos keladi, ammo barcha qiziqqanlar mazkur launcherni mana bu havola orqali ko‘chirib olishlari va ishlatib ko‘rishlari mumkin.

Telegram

Telegram’da O‘zbekiston uchun ham ovozli qo‘ng‘iroqlar ishga tushganidan xabaringiz bor. Endi uning beta-versiyasida qurilmaning old kamerasida yozilgan qisqa videolavhalarni yuborish funksiyasi qo‘shildi. Uni sinab ko‘rish uchun messenjerning o‘zida Telegram Beta Blog kanalini (@tgrambeta nomi bo‘yicha) toping va unga obuna bo‘ling.

Telegram’ning rasman oxirgi versiyasini esa mana bu havola orqali o‘rnatib olish mumkin.

Poetayzer

Bu dasturning o‘ziga xosligi – har bir suratning ruhidan kelib chiqib, unga atab she’riy misralarni tanlab joylab beradi. She’rlar rus tilida bo‘lib, taniqli shoirlarning ijodidan olingan. Bu bilan fotosuratning o‘ziga xosligi oshiriladi, unga shoirona ruh bag‘ishlanadi.

Ilova haqidagi xabarimizni mana bu yerda o‘qib, uning o‘zini esa ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

Microsoft To-Do

To-Do dasturi kishilarga o‘z hayotini yanada yaxshi tashkillashtirishga va har bir kundan imkon qadar hamma narsani ola bilishga yordam beradi.

U ishchi loyihalarni boshqarish uchun ham, mayda uy yumushlarini yozib, rejalashtirib borish uchun ham qo‘l keladi. Ilova Microsoft kompaniyasining boshqa servislari, jumladan, Office 365 ofis to‘plami va Outlook bilan integratsiyalashadi.

Mazkur dasturni ushbu havola orqali o‘rnatib olasiz.

Messenger Lite

Messenger Lite bu – Android qurilmalarga moslab chiqarilgan, faqat bazaviy funksiyalarga ega va resursni minimum miqdorda talab etuvchi messenjer.

Avvaliga Facebook’dagilar, bu ilova internetga ulanish va uning tezligi muammoli bo‘lgan hududlarda ko‘proq ommalashadi, deb o‘ylashgandi. Ammo endi kompaniya Messenger Lite’ning geografiyasini kengaytirishga qaror qildi. Endilikda bu ilova yana 132 mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda ham ishlamoqda.

Bu haqdagi xabarimizda u haqdagi boshqa ma’lumotlarni o‘qishingiz va messenjerni ushbu havola orqali ko‘chirib olishingiz mumkin.

Terabayt

 Sevimli saytingizning xabar va maqolalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib turishingiz uchun qulay ilova. U orqali saytimiz xabarlarini bo‘limlar orqali ko‘rish, maqolalarni keyinroq o‘qish uchun tanlab olish hamda o‘zingizga yoqqan xabarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali do‘stlaringizga ulashish imkoniyatlari mavjud. Qolgan imkoniyat va xususiyatlari haqida mana bu maqolamizda yozilgan.

Terabayt.uz saytining Android ilovasini qurilmangizga Google Play Market’dan olib o‘rnatishingiz yoki TAS-IX’dagi ilk professional ilovalar do‘koni –AndroidBozor.uz’dan yuklab olishingiz mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!