Android uchun eng zo‘r 5ta videopleyer

  •   DiMaX
  •  3040
  •  07.04.2017 14:53

Android uchun eng zo‘r 5ta videopleyer

Qanchalik g‘alati tuyulmasin, Android uchun chiqarilgan standart videopleyer ko‘pchilik standart videoformatlarni o‘qiy olmaydi. Shuning uchun Google Play boshqa ishlab chiqaruvchilarning bir qator ilovalarini taklif etadi, ulardan har biri o‘ziga xos opsiyalar to‘plamiga ega. Foydalanuvchilarning videopleyerlarga qo‘yadigan talabi ham turlicha; shuning uchun ham, quyida qisqacha tavsifini keltirayotganimiz – beshta ilovadan o‘zingizga mosini tanlab olishingiz mumkin.

HD Video Player

Android-qurilmangiz uchun oddiygina videopleyer izlayotgan bo‘lsangiz – HD Video Player’ga e’tiboringizni qaratamiz. Dastur yoqimli dizaynga va keng tanlovdagi videokodeklar to‘plamiga ega. Shu bois u har qanday formatdagi HD videolarni ijro eta biladi, jumladan FLV-fayllarni ham.

Birinchi ishga tushirilishida HD Video Player avtomatik tarzda smartfondagi videofayllarni izlab topadi va ulardan har biri uchun alohida kartinka-miniatyura yaratadi; bu esa keyinchalik ularni topishni anchagina osonlashtiradi. Afsuski, mazkur dastur subtitrlar bilan ishlay olmaydi, ammo uning boshqa afzalliklari ham yetarli.

Asosiy afzalliklari:

  • Miniatyuralari mavjud
  • Barcha turdagi videofayllarni aniqlaydi
  • FLV-fayllarni ravon ijro etadi
  • Fayllarni tahrirlash mumkin

MX Player

Android-videopleyer orasida eng kuchlilaridan va eng keng tarqalganlaridan biri MX Player hisoblanadi. Ishlab chiquvchilar ilovadan foydalanishning turli ssenariylarini inobatga olishga intilishgan.

Masalan, unda ekranni teginishlarga ta’sirlanishdan bloklash imkoniyati mavjud. Endi siz bemalol smartfoningizda biror multfilmni qo‘yib, uni kichkintoylarga berishingiz mumkin – tasodifan ekranni o‘ynab, birovga qo‘ng‘iroq qilishidan yoki biror faylni o‘chirib yuborishidan cho‘chimasangiz ham bo‘ladi. Ko‘p yadroli dekodlash funksiyasi MX Player’ga videoni boshqa raqobatchilariga qaraganda 70 martagacha tezroq qayta ishlash imkonini beradi!

Judayam ko‘p formatlarni o‘qiy oladi: 3gp, avi, divx, f4v, flv, mkv, mp4, mpeg va hokazo; yana qo‘l harakatlari bilan boshqarish mumkin.

Asosiy afzalliklari:

  • Subtitrlar bilan ishlaydi
  • Qo‘l harakatlari bilan boshqarish mumkin
  • Keng tarqalgan formatlarni o‘qiy oladi
  • Ekranni bloklash imkoni bor

VLC for Android

Kompyuter foydalanuvchilari orasida keng tarqalgan va keng ommaning e’tiroziga sabab bo‘lmagan mazkur bepul kross-platformali videopleyer Android’ga ham yetib kelgan. Barcha videoformatlarni anglashidan tashqari, VLC for Android subtitrlar bilan ishlay biladi, videoni «kartinka ichida kartinka» rejimida ijro eta oladi va hatto musiqiy fayllarni ham o‘qiydi.

VLC bemalol siz uchun asosiy virtual multimedialar markaziga aylanishi mumkin. Buning ustiga, ilova yoqimli dizaynga ega va Android 2.2 versiyasidan boshlab barcha qurilmalarda ishlaydi.

Asosiy afzalliklari:

  • Subtitrlar bilan ishlaydi
  • «Kartinka ichida kartinka» rejimi
  • Media-kutubxona
  • Yoqimli dizayn

KMPlayer

Android qurilmalar uchun chiqarilgan, istalgan videoformatni «yamlamasdan yutadigan» baquvvat videokombayn. KMPlayer’ning eng kerakli funksiyalaridan biri – Google Drive «bulutli» saqlagichdagi videoni ham o‘qiy olishidir, bu esa smartfoningizdagi joyni tejashda muhim ahamiyatga ega.

Tag‘in, bu pleyer videofayllarning ijrosini tezlashtirishga ham imkon beradi! Bu funksiya juda foydali, ayniqsa – o‘quv materiallarini ko‘rish/tinglash jarayonida juda kerak bo‘ladi. KMPlayer ichiga o‘rnatilgan media-kutubxona smartfondagi videofayllarni qiynalmasdan topish va ularni qulay tahrirlash imkonini beradi.

Asosiy afzalliklari:

  • Subtitrlar bilan ishlaydi
  • «Kartinka ichida kartinka» rejimi
  • Media-kutubxona
  • Google Drive
  • Ekranni bloklash

BSPlayer

Windows’da juda ommalashgan bu videopleyerning Android versiyasi ham chiqqan. Subtitrlar bilan ishlash bo‘yicha ilg‘or, yana bir nechta audioyo‘lakchalarni ham ijro eta oladi.

BSPlayer’ning asosiy afzalliklaridan biri – u videoni ijro etishda smartfoningiz akkumulyatori quvvatini tejay oladi! Yana, videoni fonda ijro etish funksiyasi ham foydalanuvchilarni quvontiradi – yo‘lda u juda asqotadi. BSPlayer videofayllarning barcha formatlarini o‘qishdan tashqari, HD video bilan ham ishlay oladi.

Asosiy afzalliklari:

  • Subtitrlarni avtomatik izlaydi
  • Fonda ijro etadi
  • Media-kutubxona
  • Quvvatni tejaydi

Shuningdek, Android-smartfonlar uchun audiopleyerlarning qisqacha tavsifi berilgan maqolamizga ham nazar solishni tavsiya etamiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!