Android uchun eng zo‘r brauzerlar

  •   DiMaX
  •  5496
  •  16.03.2017 12:27

Android uchun eng zo‘r brauzerlar

«Yashil robotchali» qurilmalar uchun brauzer tanlash ham birmuncha jiddiy masala. Chunki, bugungi kunga kelib Google Play taqdim etgan ilovalarning aksariyati veb-sahifalarni ochish tezligi jihatidan ajoyib. Endi yuzerlarning e’tiborini tortish uchun kurashda qulaylik inobatga olina boshlagan: foydalanishning soddaligi va qo‘shimcha opsiyalar mavjudligi muhim. Ammo hatto shular orasidan ham so‘zsiz yetakchi bo‘lgan brauzerlar bor va ularning muhim jihatlariga quyida to‘xtalib o‘tamiz.

UC Browser

Garchi bir zamonlar keng tarqalgan «Opera»ning yo‘lidan borayotgan bo‘lsa-da, bu – haqiqiy «kombayn» brauzer. Unda kerakli funksiyalarning hammasi birdaniga, «qutisini ochishingiz bilan» tayyor – foydalanib ketaverasiz. Ayni damda, birorta raqobatchi brauzerda mavjud bo‘lib, UC Browser’da uchramaydigan opsiyani topishning o‘zi qiyin.

Agarda stol kompyuteri uchun mo‘ljallangan brauzerlardan qolishmaydigan darajada baquvvat Android-ilova kerak bo‘lsa, UC Browser – eng maqbul tanlov! Uni, shuningdek, TAS-IX’dagi ilk professional ilovalar do‘koni – AndroidBozor.uz’dan ham bepul ko‘chirib olish imkoni bor.

Mazkur brauzerning bittagina salbiy tomoni bor – uyam bo‘lsa, funksiyalari juda ko‘pligi sababli, UC Browser interfeysi haddan tashqari qalashib ketgandek ko‘rinadi.

Funksiyalari:

  • Mutolaa rejimi
  • Tungi rejim
  • Turli muqovalar
  • Sinxronlashtirish
  • Reklamani bloklash
  • Maxfiy rejim

Puffin Web Browser

Android uchun chiqarilgan Puffin brauzerining asosiy yutuqlari – tejamkorlik va Adobe Flash. Unda mutolaa rejimi yoki reklamani bloklash funksiyasi yo‘q. Ammo trafikdan tashvish tortmasdan, bemalol Puffin orqali internet kengliklarida kezishingiz mumkin. Zero, uning trafik siquvchi patentlangan (!) texnologiyasi chindan ham zo‘r ishlaydi.

Shuningdek, «bulutli» texnologiyalar tufayli Flash bilan ishlay olishi sababli ham, Puffin’ni, asosiy bo‘lmasa-da, yordamchi brauzer qilib tayinlash mumkin.

Funksiyalari:

  • Adobe Flash
  • «Aqlli» ko‘rsatkich
  • Turli muqovalar
  • Wi-Fi ulanishni himoyalash
  • Maxfiy rejim
  • Trafikni siqish

Firefox

Android-brauzerlarning qurollanish poygasida nisbatan yangi bo‘lsa-da, Firefox bozor yetakchilari orasida faxrli o‘ringa ega. Uning muhim xususiyatlaridan biri – turli kengaytmalarni qo‘llab-quvvatlashidir. Foydalanuvchi o‘z zaruratlaridan kelib chiqib, yetishmayotgan opsiyalarning ko‘pchiligini o‘zi mustaqil o‘rnatishi mumkin.

Bundan tashqari, Firefox interfeysi «to‘lib ketgan» emas, mutolaa rejimiga ega, yana veb-sahifalarni saqlab qo‘ya oladi. Shuningdek, reklamani bloklovchi, yuklamalar menejeri va boshqa ko‘plab funksiyalar xizmatingizga hozir!

Uni Google Play marketidan yoki TAS-IX hududidagi milliy do‘kondan bepul ko‘chirib olish imkoni mavjud.

Funksiyalari:

  • Mutolaa rejimi
  • Reklamani bloklash
  • Yuklamalar menejeri
  • Kengaytmalar
  • Maxfiy rejim

Yandeks brauzer

Android uchun rossiyalik ishlab chiquvchilar taqdim etgan ajoyib va uyg‘unlashgan brauzer. «Yandeks» mutaxassislari yoqimli minimalistik dizayn va ko‘plab opsiyalar to‘plamini bu ilovada uyg‘unlashtirishgan: kengaytmalarni qo‘llab-quvvatlash, trafikni siqish, mutolaa rejimi, reklamani bloklash va mavzularni tanlash.

«Aqlli qator» saytlarni nomi bo‘yicha ocha oladi, shuningdek, u so‘zlarni o‘girishi, valyutalar kursini chiqarib berishi bilan ham ahamiyatli. Yana bir afzalligi – foydalanuvchi o‘z stol kompyuteridagi Yandeks-brauzer versiyasining xatcho‘p (zakladka)larini Android-ilovadagilari bilan bemalol sinxronlashtira oladi.

«Yandeks»ning bu ilovasini Google Play marketidan yoki AndroidBozor milliy do‘konidan bepul ko‘chirib o‘rnatishingiz mumkin.

Funksiyalari:

  • Mutolaa rejimi
  • Reklamani bloklash
  • Muqovalar
  • Kengaytmalar
  • Maxfiy rejim
  • Trafikni siqish

Google Chrome

Mazkur ro‘yxatimizda Google Chrome, Android-brauzer sifatida biror xususiyati bilan yaqqol ustunlik qilmaydi. Kompyuter versiyasidan farqli ravishda, mobil Google Chrome faqat standart opsiyalar to‘plamini taqdim etadi.

Biroq ishlash tezligi va foydalanishning soddaligi nuqtai nazaridan baribir u Google Play’dagi eng yaxshi brauzerlar qatoridan o‘rin olgan. Yaqindan beri u trafikni siqishni ham o‘rganib olgan, ishlab chiquvchilar tez orada brauzerga mutolaa rejimini ham qo‘shishni va’da qilishmoqda.

Ammo qo‘shimcha kengaytmalarni o‘rnatish imkoni bo‘lmas ekan, baribir Google Chrome raqobatchilariga teng kelishi qiyin.

Funksiyalari:

  • Maxfiy rejim
  • Trafikni siqish
  • Ovozli qidiruv
  • Sinxronlashtirish

Xo‘sh, siz o‘zingiz qaysi brauzerni ma’qul ko‘rasiz?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.