Android uchun «Yandeks» brauzerining yengil versiyasi chiqdi

  •   DiMaX
  •  1877
  •  30.06.2017 13:37

Android uchun «Yandeks» brauzerining yengil versiyasi chiqdi

Yangi «Yandeks.Brauzer Layt» ishlash tezligi bo‘yicha Opera Mini’dan qolishmaydi. Tizim resurslarini tejash borasida esa hatto undan oldinlab ham ketgan, deya xabar beradi Layfxaker sayti.

Ko‘plab ommabop ilovalarning yengil versiyalari mavjud, masalan –Facebook Lite, Twitter Lite yoki Skype Lite. Ular birinchi navbatda, trafikni hamda qurilma resurslarini tejashni istovchilarga mo‘ljallangan.

Bu kabi «taroshlangan» versiyalarning asosiy afzalligi shundaki, ular to‘liq hajmli ilovalardan ko‘ra tezroq ishlaydi. Ayniqsa, protsessori zaifroq va tezkor xotirasining hajmi kichikroq bo‘lgan qurilmalarda, shuningdek, internet tezligi past bo‘lgan sharoitlarda Lite versiyalarning ustunligi yaqqol seziladi.

«Yandeks» kompaniyasi ham bu tendensiyadan orqada qolmadi. Uning Android uchun yangi chiqarilgan «Yandeks.Brauzer Layt» ilovasining o‘rnatiluvchi fayli atigi 748 KB hajmga ega. To‘g‘ri, o‘rnatilganidan keyin bu dastur qurilmaning xotirasidan 4,6 MB joy egallaydi, ammo baribir bu ham Opera Mini hajmidan salkam besh baravarga kichik ko‘rsatkich.

«Yandeks.Brauzer Layt»da funksiyalarning faqat eng keraklilari saqlab qolingan. Uning interfeysi bosh sahifasiga qiziqarli yangiliklar va  maqolalar tanlanmasini o‘z ichiga oluvchi «Dzen» joylashtirilgan. Pastki qismida manzil qatori joy olgan, qidiruv ham shu maydonchaning o‘zidan amalga oshiriladi. Shuningdek, vizual xatcho‘plar paneli ham mavjud, u yangi varaqada ochiladi.

Dasturning sozlamalari ham xuddi tashqi ko‘rinishi kabi sodda, lo‘nda. Unda faqatgina tavsiyalar tasmasini o‘chirib qo‘yish, keshni va cookie fayllarini tozalash imkoniyatlari mavjud, xolos! Umuman olganda, bunday kichkina hajmli ilovadan shundan ortig‘ini kutish ham insofdan bo‘lmasdi-da, nima dedingiz?

Ochig‘ini aytganda, «Yandeks.Brauzer Layt»ni smartfon yoki planshetda internetdan foydalanish uchun asosiy dastur qilib tayinlash unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Biroq turli holatlar uchun qo‘shimcha brauzer tarzida o‘rnatib qo‘ysangiz bo‘ladi – deyarli joy egallamaydi, internet tezligi past bo‘lganida yoki qurilmangiz sal «charchab» qolganida u rosa asqotadi. Ilovani mana bu havola orqali ko‘chirib olishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.