Android o‘zlashtirsa arziydigan iPhone 7’dagi jihatlar

  •   DiMaX
  •  1499
  •  14.03.2017 12:38

Android o‘zlashtirsa arziydigan iPhone 7’dagi jihatlar

Bizga yoqadimi-yo‘qmi, baribir iOS va Android bir-birisiz yashay olmaydi. O‘rtadagi raqobat va ustunlik uchun kurash sababli ham bu ikki platforma yangi g‘oyalar va nostandart yechimlar bilan boyib kelmoqda. Shu bois, deylik, navbatdagi iPhone’ning chiqarilishi nafaqat Apple ishqibozlari, balki «yashil robotchali» qurilmalar ixlosmandlari uchun ham katta ahamiyatga ega.

Tanqidchilarning ta’kidlashlaricha, yangi iPhone 7 modeliga kiritilgan ko‘plab «yangilik»lar Android platformasida ishlovchi ayrim qurilmalarda bungacha ham mavjud bo‘lgan. Bu to‘g‘ri, ammo ular Apple qo‘liga o‘tgach, tajribaviy ishlanma doirasidan chiqib, yangi standart darajasiga yetdi.

Shu bilan birga, iPhone’da endi Android-qurilmalar ham o‘zlashtirsa zarar qilmaydigan yangiliklar bor…

Quloqchin ulash tirqishining yo‘qligi

Oldin ommalashgan texnologiya va qismlarni o‘z gadjetlaridan olib tashlash bo‘yicha Apple boy tajribaga ega. Egiluvchan disklar, diskovodlar, Ethernet-portlar va boshqalarni eslashning o‘zi kifoya. Bu kabi hollarda raqobatchilar va foydalanuvchilar avvaliga hayratlanishadi, so‘ng e’tiroz bildirishadi, keyin esa aksariyati Apple’ga ergashishadi.

Quloqchinlar uchun tirqishning yo‘qligi masalasida ham xuddi shunday bo‘lyapti hozir. Ha, avvaliga alam qiladi, noqulay tuyuladi, keyin esa hamma bunga ko‘nikadi. Axir, yangi davrga o‘tish hamisha ham muayyan qiyinchiliklar bilan kechadi-ku! Simsiz quloqchinlarga o‘tib olingach esa, USB Type-C orqali uzatiladigan ovoz sifatidan hamda simlarning chalkashib yurmasligidan quvonamiz hali.

Suv va changdan himoya

Deyarli har birimiz smartfonimizga suv tegishidan, tirqishlariga chang o‘rnashib qolishidan aziyat chekkanmiz. Qiziq, yaqin-yaqinlargacha suvdan himoya xususiyati mobil qurilmalarning asosiy parametrlari qatoriga kiritilmagan-a?

Suvga chidamli iPhone paydo bo‘lganligi smartfon ishlab chiqaruvchilarning mazkur masalaga jiddiy qarashlari uchun yetarlicha turtki bo‘lsa ajabmas. Nafaqat Samsung va Sony’ning ilg‘or flagmanlarini, balki o‘rta narx segmentidagi smartfonlarni ham suvdan himoyalangan holda ishlab chiqarish vaqti kelgan. Nima dedingiz?

Ichki xotira hajmining kattaligi

Nihoyat, Apple doimiy xotirasi 16 gigabayt bo‘lgan smartfonlarni ishlab chiqarishni to‘xtatdi: iPhone 7 chiqishi bilan endi uning devayslarida eng kam ichki xotira hajmi 32 GBga teng bo‘ldi. Bu esa, ishlab chiqaruvchilar endi mana shu darajaga qarab intilishadi va doimiy xotirasi 16 yoki 8 gigabaytlik mobil qurilmalar tarixda qolib ketadi, deganidir.

Kamera

Qo‘sh kamera g‘oyasi ko‘pchilik uchun antiqa tuyulishi mumkin.  Ammo aslida, suratga olishda turli xususiyatlarga ega bo‘lgan ikkita kameradan foydalanish tasvir sifatiga faqatgina ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shubhasiz, Android-gadjetlar ishlab chiqaruvchilari ham mobil fotografiyaning yangi bosqichdagi sifatiga o‘tishga harakat qilishadi. Yaqin orada ikki yoki hatto uchta ob’yektivli devayslar Apple’ning yangi qurilmasini maydonga chorlab qolsa ajabmas.

Stereo ovoz

To‘laqonli sifatli ovoz chiqaruvchi smartfon ko‘rganmisiz? Ochig‘ini aytish kerak – mobil qurilmalar bu darajaga yetib kelganicha yo‘q hali. Chunki ixcham gadjetga yaxshi akustika jihozlarini o‘rnatish o‘ta qiyin. Ammo bu hol, baribir ovozni yaxshilashning imkoni yo‘q, deya mazkur jihatni e’tiborsiz qoldirishga sabab bo‘la olmaydi.

Biroq iPhone 7 modelida tovush yangratish xususiyatlari ham anchagina yaxshilangan. Bu esa endi qolgan ishlab chiqaruvchilarni ham shu darajaga intilishga undaydi.

Mexanik Home tugmachasi yo‘qligi

Qiziq innovatsiyalardan biri! Umuman olganda, o‘tgan asrdan qolgan mexanik tugmalardan asta-sekin voz kechib, ularning o‘rniga ishonchliroq, qulayroq va ko‘p funksiyali sensor tugmachalarga o‘tish vaqti kelmadimikan?

Xulosa

Android-smartfonlar bozori hozir qiziq davrni boshidan kechirmoqda. Yirik kompaniyalar yangicha innovatsiyalar bilan shug‘ullanishni deyarli to‘xtatishgan, ular allaqachon sinovdan o‘tib bo‘lgan texnologiyani turli korpuslar ostiga joylab, har xil dizayn va ranglarda chiqarish yo‘lini afzal ko‘rishayotir.

Xo‘sh, iPhone 7 yoki endi taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 8 bu turg‘unlikka barham berishga, Android-devayslar ishlab chiqaruvchilarini bir qo‘zg‘atib qo‘yishga qodirmi?

Buni endi vaqt ko‘rsatadi; agar siz ham qiziqsangiz – saytimizdan uzoqlashmang!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!