Angliya Telegram’dan shifrlashni bekor qilishni talab etadi

  •   DiMaX
  •  1159
  •  07.05.2017 10:58

Angliya Telegram’dan shifrlashni bekor qilishni talab etadi

Buyuk Britaniya hukumati Telegram va WhatsApp kabi messenjerlarni foydalanuvchilarning elektron yozishmalariga kira oladigan «tirqish» ochishni talab etuvchi qaror chiqarmoqchi. Bu haqda hujjat loyihasiga asoslanib Daily Mirror gazetasi xabar bermoqda, deb yozadi Futurist sayti.

Qaror matnidan ko‘chirma tarzida gazetada e’lon qilingan parchaga ko‘ra, kompaniyalar «zarurat bo‘lganida, yozishmalar mazmunini aniq shaklda ochib ko‘rish imkoniyatini taqdim etishga, shuningdek, elektron himoyani olib tashlash yoki buni vakolatli shaxs amalga oshirishiga imkon berishga» majbur bo‘ladilar.

Joriy yilning mart oyida Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Ember Radd o‘zining BBC’da bergan intervyusida, maxsus xizmatlarda WhatsApp va boshqa messenjerlar orqali shifrlangan ko‘rinishda uzatiluvchi xabarlarni tekshirish imkoni bo‘lishi lozimligini aytgan edi. Bu masala ko‘tarilishiga turtki bergan omil shuki, Londondagi 22 mart kungi terrorchilik hujumi ijrochisi Xolid Mas’ud parlament binosiga hujum uyushtirishdan ikki daqiqa avval mazkur ilovadan foydalanganligi aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Telegram o‘z foydalanuvchilarining shaxsiy sirlarini sotmasligini uning asoschisi Pavel Durov yaqinda alohida ta’kidlagan edi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!