Antiqa reyting: halokatli selfilar bo‘yicha kimlar yetakchi?

  •   DiMaX
  •  1360
  •  04.10.2018 17:20

Antiqa reyting: halokatli selfilar bo‘yicha kimlar yetakchi?

Hozirgi kunda selfi juda ommalashgani ma’lum, ammo bu ayrim hollarda kishilarning jarohat olishiga, hatto o‘limiga ham olib kelmoqda. Tinib-tinchimagan tadqiqotchilar esa selfi sababli yuzaga kelgan o‘limlarni ham o‘rganib chiqib, natijalarini e’lon qilishibdi.

O‘QING: Fotokamera qarshisida halokat yoki selfi nega taqiqlanmoqda?

Journal of Family Medicine and Primary Care nashrida e’lon qilingan tadqiqot xulosalariga ko‘ra, 2011 yildan buyon dunyoning turli mamlakatlarida 259 ta «halokatli selfi» holatlari qayd etilgan. Lekin ushbu rasmiy statistikaga kirmay qolgan halokatlar ham borligi aniq.

Aniqlanishicha, selfi tufayli qiyin vaziyatga tushib qolish oqibatida o‘lim topganlar soni bo‘yicha Hindiston mutlaq yetakchi ekan – naq 159 holat. Undan katta farq bilan orqada qolgan – ikkinchi o‘rindagi mamlakat esa Rossiya bo‘lib, u yerda 16 ta «halokatli selfi» qayd qilingan. «Kuchli uchlik»ni 14 ta shunday holat bilan AQSh yakunlab bergan.

Bundan tashqari, selfi olaman deb jon berganlarning 72 foizini aynan erkaklar tashkil etadi. Holbuki, selfini ayollar ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Buning sababi ham ma’lum: erkaklar (ayniqsa qoni qaynoq yigitlar) odatda tavakkalchilikka ko‘proq qo‘l urishadi va shu tahlikali lahzani kadrga muhrlab qo‘yishga qiziqishadi.

Shuningdek, tadqiqotchilar selfi olish chog‘larida eng ko‘p o‘limga olib kelgan sabablarni ham ma’lum qilishdi. Bu – suvda cho‘kib ketish, transport sababli halok bo‘lish va balandlikdan yiqilib o‘lish ekan.

Xullasi kalom, kelajakda bunday ro‘yxatga tushib qolmaslik uchun ehtiyot bo‘lishni tavsiya etamiz.

O‘QING: «Selfi»ga ishqibozlikni psixiatrlar ruhiy kasallik deb e’tirof etishdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!