AnTuTu'da yangi rekordchi!

AnTuTu'da yangi rekordchi!

Kuni kecha Tayvanning MediaTek kompaniyasi o‘zining 7 nanometrli yangi Dimensity 1000 5G chipini taqdim qilgan edi. 

5G modem, to‘rtta yadroli ARM Cortex-A77 asosiy protsessori va Mali-G77 grafik protsessoridan iborat chip AnTuTu etalon testida sinovdan o‘tkazildi va umumiy 511 363 ball bilan hayratlanarli natija qayd etdi.Bu ko‘rsatkich Snapdragon 855+ bilan jihozlangan smartfonlar va hattoki Apple'ning A13 Bionic chipida ishlovchi iPhone'larinikidan ham yaxshiroq. Ma’lumot uchun, benchmarkda Asus ROG Phone II 496 226, iPhone 11 Pro Max esa 456 065 ball yig‘gan edi. 

E’tibor bering, AnTuTu sintetik test bo‘lib, sinov natijalari qurilmaning real sharoitda ishlashini 100 foiz aniq ko‘rsatmaydi, lekin chipning qanchalar kuchli ekanligi haqida tasavvur hosil qilishimizga yordam bera oladi. 

Test natijasiga yana e’tibor qaratamiz. Dimensity 1000'ning CPU'siga 161 266, GPU'siga esa 196 097 ball berilgan. CPU qayd etgan natija AnTuTu'dagi rekord hisoblanadi. Chipning xotira bo‘limi 84 463, foydalanuvchi amaliyoti (UX) esa 69 537 ball yig‘gan.

Yuqoridagi natijalar ARM'ning to‘rt yadroli Cortex-A77 asosiy protsessori va Mali-G77 grafik protsessori bitta chipda jamlansa qanday bo‘lishini ko‘rsatadi. 

Dimensity 1000 5G birinchi bo‘lib qaysi smartfonga o‘rnatilishi hozircha noma’lum, lekin MediaTek'ning ma’lum qilishicha, ushbu chip o‘rnatilgan ilk qurilmalar 2020 yilning I choragidan chiqa boshlaydi.

O‘QING: Honor V30 Pro flagmani taqdimotdan avval AnTuTu’da hayratga soldi!