Apertura nima?

Apertura nima?

«Bu nima?» rukni davom etadi. Hozirga qadar kameralardagi megapiksel haqida ma’lumot bergan edik, endi esa apertura yoki diafragma nima ekanligiga to‘xtalib o‘tamiz.

Optika va fotografiya sohalarida apertura yoki diafragma tushunchasi ob’yektivga yorug‘lik o‘tkazadigan tuynuk ma’nosini bildiradi.

Fotografiyada apertura
Fotografik linza aperturasi apertura halqasi vositasida turli hajmlarga moslashtirilishi mumkin bo‘lgan tuynuk hisoblanadi. Halqa ob’yektiv ortida, zatvor (lo‘kidon) dan oldinda joylashgan bo‘ladi. Apertura halqasi yassi halqa bo‘lib, uning markazida kichik tuynuk bo‘ladi. Mana shu kichik tuynuk apertura yoki diafragma deb ataladi. Apertura hajmi o‘zgartirilishi mumkin. Apertura kichik bo‘lsa, ob’yektivga o‘tadigan yorug‘lik miqdori kam bo‘ladi. Apertura katta bo‘lsa esa, linzaga ko‘proq yorug‘lik tushadi.

Bu esa fotografga fotoplyonkaga yoki rasm datchigiga tushadigan yorug‘lik miqdorini nazorat qilish imkonini beradi. Kameraga kiradigan yorug‘lik miqdorini nazorat qilish uchun apertura hajmi zatvor tezligi bilan bir vaqtda o‘zgaradi. Kameraga tushgan yorug‘lik miqdori ekspozitsiya deyiladi. Odatda, zatvor tezligi yuqori bo‘lsa, kameraga uncha yorug‘lik kirmaydi va tasvir qora bo‘lib chiqishi mumkin. Fotograf buning oldini olish uchun kattaroq aperturadan foydalanadi. Agar zatvor tezligi sekin bo‘lsa, kameraga kirayotgan yorug‘lik o‘ta ko‘p bo‘lmasligi va natijada tasvir haddan tashqari yorqin chiqmasligi uchun kichikroq aperturadan foydalanishga to‘g‘ri keladi.

Apertura hajmi «f-raqam» shaklida ko‘rsatiladi. Bu raqam tuynuk hajmining ob’yektiv fokusi uzunligiga nisbatini ifodalaydi. Kichik raqam (masalan, f/1.4 yoki f/2.8) apertura to‘la ochiqligini va ko‘p yorug‘lik o‘tkazishini bildiradi. Katta raqam (masalan, f/8 yoki f/11) esa apertura kichik ekanini va unchalik ko‘p yorug‘lik o‘tkazmasligini ko‘rsatadi.

O‘QING: IP daraja nima?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!