Apple 160 million dona iPhone 8 ishlab chiqaradi

Apple 160 million dona iPhone 8 ishlab chiqaradi

The Korea Herald nashri tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Apple komppaniyasi Samsung Display’ga o‘zining navbatdagi ayfonida foydalanishi uchun yana 60 mln dona 5,5 dyuymli OLED turidagi displey panellarini buyurtma qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bungacha Amerikalik ishlab chiqaruvchi koreyalik kompaniyaga 100 million dona mazkur turdagi panel buyurtma qilgan. Ayni paytda shartnomaning jami qiymati $11,31 mlrd. dollarni tashkil etadi.

Samsung Display yangi iPhone apparatida foydalaniladigan displeylarning 80 %ini yetkazib beradi. Ya’ni, Samsung Display kompaniyasi Apple’ning yangi OLED ekranli smartfonlari uchun ekran yetkazib beruvchi peshqadam ishlab chiqaruvchiga aylandi. Ekspertlarning fikricha, an’anaga muvofiq, Apple navbatdagi ayfon modellarini ham 200 million donadan kam ishlab chiqarmaydi.

Joriy yilda faoliyatining 10 yilligini yubiley tarzida nishonlashga kirishgan “Olma” korporatsiyasi uchta yangi smartfon taqdim qilmoqchi: 4,7 va 5,5 dyuymli iPhone 7s hamda 7s Plus modellari. Shuningdek, yangi iPhone 8 yoki iPhone X. Ma’lum bo‘lishicha, OLED displey faqatgina narxi $1000 dollarni tashkil etishi kutilayotgan yangi ayfonda tatbiq etiladi. Ko‘rinib turibdiki, kompaniya 160 million dona iPhone 8 sotishni reja qilgan.

iPhone uchun displeylarni shu vaqtga qadar LG Display, Sharp hamda Japan Display kabi nomdor ishlab chiqaruvchilar yetkazib berishgan. Apple’ning qarori ham OLED ekranlarning LCD’ga qaraganda ilg‘or ekanini isbot qiladi. LG Display OLED turidagi displeylarni asosan yirik diagonalli televizorlar uchun ishlab chiqarmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.