Apple 2016 yil 4 choragida smartfon yetkazib berish bo‘yicha Samsung`ni ortda qoldirdi

Apple 2016 yil 4 choragida smartfon yetkazib berish bo‘yicha Samsung`ni ortda qoldirdi

AQShning Apple kompaniyasi 2016 yil 4 choragida yetkazib berilgan smartfon bo‘yicha Samsung firmasini ortda qoldirdi, deb yozmoqda Strategy Analytics.

Mazkur davr mobaynida Apple 78,3 mln, Samsung esa 77,5 mln dona smartfonni dunyo bozoriga yetkazib bergan. Natijada “Olma”ning bozordagi ulushi 17,8 foizga o‘sgan (Samsung 17,7%).

2016 yilning butun davri bo‘yicha olib qaraydigan bo‘lsak, Samsung kompaniyasi smartfon yetkazib berish bo‘yicha yetakchilikni saqlab kelmoqda. U 2016 yil davomida 309,4 mln dona smartfon yetkazib, bozorning 20,8% ulushini band qilgan. Apple’ning ulushi esa 14,5 foizni (jami 215,4 mln dona smartfon) tashkil qilgan.

2015 yil bilan qiyoslaganda har ikkala kompaniyaning bu boradagi natijalari yomonlashgan. Samsung 2016 yilda avvalgi yilga qaraganda 10,3 mln, Apple esa 16,1 mln dona kamroq smartfon sotgan.

Xitoyning Huawei kompaniyasi 9,3% ulush bilan bu yo‘nalishda uchinchi o‘rinni egalladi. Xitoylik Oppo va Vivo esa (5,7% va 4,8%) 4 va 5 o‘rinlarda kelishmoqda.

Umuman oladigan bo‘lsak, 2016 yilda smartfonlar savdosi Xitoy va Afrika mamlakatlari hisobiga 3 foizga ortgan (jami 1,5 mlrd dona).

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!