Apple iPhone 7 taqdimot kunini ma’lum qildi

Apple iPhone 7 taqdimot kunini ma’lum qildi

Nihoyat, Apple o‘zining navbatdagi — iPhone 7 smartfonining taqdimotiga ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillarini taklif eta boshladi. Kupertinolik ishlab chiqaruvchi “7” raqami ostida ishlab chiqariladigan gadjetga bag‘ishlangan nufuzli anjumanni 7 sentyabr kuni o‘tkazishga qaror qildi.

Taklifnomada “7-kuni ko‘rishguncha. Iltimos, 7 sentyabr kuni soat 10:00 da San-Fransiskodagi Bill Graham Anjumanlar zalida bo‘lib o‘tadigan, faqat taklifnoma asosida qatnashish mumkin bo‘lgan tadbirda biz bilan birga bo‘ling”, degan jumla tushirilgan.

Odatda Apple’ning eng muhim mahsulotlari taqdim etiladigan Bill Graham Civic Auditorium zali “Olma” korporatsiyasining sevimli yig‘inlar joyi bo‘lib, 7,000 kishini sig‘dira oladi. So‘nggi marotaba bu yerda Jahon dasturchilar anjumani davomida iOS 10, macOS Sierra hamda watchOS 2 operatsion tizimlari taqdim etilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, kompaniyaning so‘nggi to‘rtta “ayfon” qurilmalari an’anaviy tarzda sentyabr oyining o‘rtalarida taqdim qilingan. Jumladan, iPhone 6S 2015 yilning 9 sentyabr kuni, iPhone 6 2014 yilning 9 sentyabrida, iPhone 5S — 2013 yilning 10 sentyabrida, iPhone 5 — 2012 yilning 12 sentyabrida taqdim qilingan.

Ekspertlar taxminicha, iPhone 7’ning 16 GB xotiraga ega talqini $510, 128 GB talqini $780 dollardan sotuvga chiqariladi. Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ayfon — iPhone 6s (16 GB) 700 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan edi.

Batafsil:

iPhone 7: Mish-mishlarga nuqta qo‘yish fursati ma’lum bo‘ldi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!