Apple iPhone 7 va iPhone 7 Plus haqida bilish kerak bo‘lgan 11 ta fakt

Apple iPhone 7 va iPhone 7 Plus haqida bilish kerak bo‘lgan 11 ta fakt

  1. Apple iPhone 7 va iPhone 7 Plus korpusi IP67 standarti bo‘yicha suv va chang kirishidan himoyalangan. Smartfonlar suvga va changga chidamli, ammo ular bilan suv havzalarida cho‘milish mumkin emas. Bu texnologiya apparatni bexos suvga tushib ketishidan va yomg‘irdan himoya qiladi, xolos.
  2. Apple iPhone 7 va iPhone 7 Plus smartfonlarida 3,5 millimetrli audio slotdan voz kechilgan. Ha, bu juda jiddiy qadam. Biroq naushniklarni Lightning konnektori yordamida smartfonga ulash mumkin. Mazkur kabel smartfon komplektida birga taqdim qilinadi. Juda qiziq, bu safar Apple bundan qo‘shimcha mablag‘ ishlashga qaror qilmagan ko‘rinadi. Kompaniya an’anaviy naushniklar o‘rniga simsiz AirPods garnituralaridan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Ammo uni alohida sotib olish kerak. Ko‘ramiz, bu narsa smartfonlar sotuviga qanchalik ta’sir qilarkan. Endi, har holda, oddiy naushniklar bilan bir vaqtning o‘zida telefonni zaryadlash va musiqa tinglash imkoniyati yo‘q.
  3. Apple iPhone 7 Plus, mish-mishlarda aytilganidek, har biri 12 MPli qo‘sh kameraga ega bo‘lgan (diafragma – f/1.8). Xo‘sh, unga nega 2 ta kamera kerak? Apple’ning aytishicha ushbu kameralar orqali foto sifatini yo‘qotmasdan ikki karralik optik zum ta’minlanadi. Bundan tashqari, 10 karralik raqamli zum ham avvalgi qurilmalarga qaraganda yaxshiroq bajariladi. Davom etamiz, yana fokus nuqtasini nafaqat tasvirga olish paytida, balki undan keyin ham o‘zgaritirish mumkin bo‘ladi. Albatta, bu narsa sanoatda yangilik emas. HTC va Huawei ushbu texnologiya o‘z gadjetlariga allaqachon tatbiq etib bo‘lishgan, ammo natija kutilganiday bo‘lmagan. Ko‘ramiz, “olma” bu vazifani qay darajada uddalay olarkan.
  4. Apple iPhone 7’da bitta kamera, biroq unda kuchli optik stabilizator qo‘llangan. Kamera matritsasi har ikkala gadjetda juda ko‘p parametrlar bo‘yicha takomillashtirilgan. Kamera aniqligi – 12 MP. Old kameraning imkoniyatlari ham kuchaytirilgan. Endi u 7 MP va optik stabilizatorga ega.
  5. Apple iPhone 7 va iPhone 7 Plus smartfonlarining ekranida katta o‘zgarish bo‘lmagan. Qadrdon HD Retina displey saqlab qolingan. Mish-mishlarda aytilgan AMOLED texnologiyasigacha hali ancha borga o‘xshaydi. iPhone 7 – 4,7 dyuym, iPhone 7 Plus esa 5,5 dyuym kattalikdagi ekrangan ega bo‘lgan. Ekranlar 25%ga yorqinlashgan va ayni paytda turli rejimlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
  6. Yangi “olma”lar birinchi iPhone’ga qaraganda 120 marta tezroq ishlaydi. Har ikkala smartfon yangi A10 Fusion protsessori asosida faoliyat ko‘rsatadi. Protsessor 4 ta yadroga ega. Smartfonlar 32, 128 va 256 GB doimiy xotiraga ega bo‘ladi.
  7. Home tugmasi yangi “olma”larda biroz boshqacharoq ishlaydi. Bundan buyon tugma mexanik bosish orqali emas, balki aks taktik aloqaga ega bosim kuchiga javob beradi. Bu narsa Force Touch texnologiyasi va Taptic Engine o‘tkazgichlari yordamida amalga oshirilgan. Endi tugma telefon holati haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etishi va o‘yin vaqtida vibratsiyalar berishi mumkin.
  8. Smartfonlarda naushnik sloti olib tashlanganligi bois, korpusga ikkinchi dinamikni o‘rnatishga imkon tug‘ilgan. Ha, endi dinamiklar telefonda ikkita. Stereodinamiklar ovozni iPhone 6S’ga qaraganda ikki marta toza va baland chiqarishga qodir.
  9. Ikkala “olma” iOS 10 operatsion tizimida ishlaydi. Yangi dasturga boshqa qurilmalar 13-sentyabrdan yangilanishi mumkin.
  10. Ikkala smartfon faqat bitta SIM-karta ishlatadi. Ko‘pchilik “bashorat” qilganiday, 2 ta SIM-kartali variantlar chiqarilmagan.
  11. Telefonlarda avvalgiday microSD-kartaga joy berilmagan. Biroq kompaniya yirikroq  doimiy xotira sig‘imiga ega variantlarni taklif etmoqda.