Apple iPhone 7 va Watch Series 2 soatini suv ostida sinab ko‘rishdi (Video)

Apple iPhone 7 va Watch Series 2 soatini suv ostida sinab ko‘rishdi (Video)

Yaqinda taqdim etilgan Apple iPhone 7 suv va changdan IP67 standarti bo‘yicha himoyalanganligi haqida xabaringiz bor. Ushbu standartdagi qurilmalar 1 metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi suvda 30 daqiqagacha qoldirilishi mumkin. Ammo bu eng maksimum ko‘rsatkichlar bo‘lib, imkoni boricha telefonni yirik suv havzalariga olib tushmaslik tavsiya etiladi. Biroq kompaniya o‘z reklamalarida telefonlarning suvga chidamli ekaniga katta urg‘u bergan (IP68). Bu esa ko‘pchilikning kinoyasiga sabab bo‘lgan. Ayniqsa, suv tegishi natijasida nosoz bo‘lgan yangi iPhone‘larga kafolat xizmati ko‘rsatilmasligi haqida xabar tarqalgandan keyin mijozlarning tanqid va e’tirozlari yanada ko‘paygan.

Apple Watch Series 2 esa 50 metrgacha bo‘lgan suvga tushib ketib, omon qolishi mumkin. Qaytaramiz, bu ko‘rsatkich ham soat uchun eng maksimum birlik hisoblanadi.

Yangi qurilmalarning suvga chidamliligini tekshirish va vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida The Wall Street Journal nashrining muxbiri Djoanna Stern shaxsiy sinov o‘tkazdi.

Rolikda jurnalist smartfonning IP67 himoyasiga egaligi hamda suv sachrashlari va ma’lum suv havzalariga tushib ketgan taqdirda (agar tezda chiqarib olinsa) zararlanmasligini tushuntiradi. Uning aytishicha, telefonni 3 metrdan ko‘p chuqurlikka olib tushish qurilmaga salbiy ta’sir etishi mumkin.

Apple Watch Series 2 garchi kuchli himoyaga ega bo‘lsa-da, undan suv osti sportlarida (dayving) foydalanish tavsiya etilmaydi. Rolikda soat suv ostida yaxshi ishlashi va hatto harakat tezligini aniqlashini ko‘rish mumkin.