Apple mart oyidayoq iPhone SE (2018) modelini chiqarmoqchi (+video)

  •   DiMaX
  •  1796
  •  03.01.2018 12:46

Apple mart oyidayoq iPhone SE (2018) modelini chiqarmoqchi (+video)

Kupertinolik texnogigant 2016 yilning birinchi yarmida 4 dyuymli iPhone SE smartfonini bozorga taqdim etganida, dastlab ko‘pchilik uni iliq kutib olmagandi. Biroq, oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, bu ayfon shu qadar ommalashdiki, u ko‘plab mamlakatlar bozorida eng xaridorgir modelga aylandi. 2017 yilda esa bu devaysning kattaroq hajmli xotiraga ega talqini taqdim etildi.

O‘QINGiPhone SE (2017): yilning eng munosib o‘rtahol smartfoni

Apple joriy yilda iPhone SE (2018) modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda va bu tasdiqlangan ma’lumotdir, deb yozadi TrendForce tahlil kompaniyasi. Mazkur model o‘zining «ajdod»laridan yanada baquvvat texnik ta’minoti bilan ajralib turadi, deyiladi xabarda. To‘g‘ri, u eng ilg‘or qismlarga ega bo‘lmaydi, zero, iPhone SE – asosan rivojlanayotgan mamlakatlar bozorlari uchun taqdim etiluvchi, hamyonbop ayfonlar turkumidir.

Kuzatuvchilar fikricha, iPhone SE (2018) o‘z texnik ta’minoti bilan iPhone 7 modeliga yaqin kelib qoladi. Ya’ni, unga 4 yadroli Apple A10 Fusion protsessori va 2 gigabayt hajmli tezkor xotira o‘rnatiladi. Yangi ayfonning asosiy kamerasi 12, selfi-kamerasi esa 5 megapikselli bo‘lishi taxmin qilinayotir. Shuningdek, u Taptic Engine kabi turlicha modullar, datchiklar va sensorlarga ega bo‘lishini kutish mumkin. Yana bu yilgi iPhone SE ham, «olmali» korporatsiyaning keyingi yillarda chiqargan (iPhone X’dan tashqari) ayfonlaridagi singari, sensorli Home tugmachasiga ega bo‘lishi ehtimoli mavjud.

Manbaning xabar berishicha, 2018 yil yanvarning oxiridayoq Apple kompaniyasi iPhone SE (2018) modelini ommaviy ishlab chiqarishni boshlaydi. Mazkur smartfonni yig‘ishga kupertinolik gigantning tayvanlik hamkori – Wistron kompaniyasi mas’ul bo‘lib, buning uchun u Hindistonning Bangalor shahrida maxsus zavodini ham ochgan.

O‘QING: iPhone SE Hindistonda ishlab chiqarila boshladi

Shunigdek, Alex Gech kanali shu paytgacha tarqalgan xabarlar asosida tayyorlangan iPhone SE 2 (2018) smartfonining render-videosini YouTube’ga joylagan. Unda aytilgan xususiyatlar TrendForce taxminlaridan qisman farq qiladi – mana, tomosha qiling:

Hozircha iPhone SE (2018) modelining taqdimot sanasi va narxi xususida ma’lumot yo‘q. Bu borada yangilik bo‘lishi bilan xabar beramiz, bizdan uzoqlashmang!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!