Apple millionlab iPhone’larni qarovsiz qoldiradi

Apple millionlab iPhone’larni qarovsiz qoldiradi

MacObserver nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Apple’ning eski — iPhone 5 hamda iPhone 5C smartfon modellari iOS’ning keyingi talqinlarini qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin. Aftidan,
iOS’ning 10.3.2 raqamli yangilanishi 32 bitli protsessor o‘rnatilgan ayfonlarda ishlamaydi. Bu — millionlab iPhone 5 va iPhone 5c egalari yangi tizimdan foydalani olmaydilar, degani.

Avvalroq iOS’ning sinov talqini dasturchilar uchun e’lon qilingan edi. Bu talqin faqatgina 64 bitli protsessorlarga mo‘ljallangan.

Agar iOS 10.3.2’ning so‘nggi talqini ham 32 bitli protsessorlarda ishlamaydigan bo‘lsa, iPhone 5 hamda iPhone 5c egalari iOS’ning 10.3.1 tizimida qoladilar. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun jahonda taxminan 43,7 million nafar odam mazkur ayfon modellaridan foydalanadilar. iPhone 5 gadjeti 2012 yilda taqdim qilingach, jami 90 milliondan ziyod sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, Apple A6 kompaniyaning eng so‘nggi 32 bitli protsessori bo‘lgan. 2013 yilda iPhone 5S bilan birga 64 bitli Apple A7 protsessori taqdim qilingan. Shundan boshlab Apple ayfonlarda 32 bitli protsessor va bunga ixtisoslashgan ilovalardan voz kechgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.