Apple’ning “kelajak” shtab-kvartirasiga ko‘chish vaqti aytildi

Apple’ning “kelajak” shtab-kvartirasiga ko‘chish vaqti aytildi

Apple kompaniyasi yaqinlashib kelayotgan aprel oyida yangi, Apple Park deb nom olgan shtab kvartira hududining eshiklarini xodimlari uchun ochadi. Kampus go‘yoki ijodiy va hamkorlikdagi yaratuvchanlik g‘oyalari tug‘iladigan ilg‘or markaz sifatida bunyod etilgan. San-Fransiskodagi Santa-Klara vodiysida, ya’ni “Kremniy vodiysi” deb nom olgan hudud markazida joylashgan, yirik doira shaklida qad rostlagan 4 qavatli bino yashillikka burkangan.

Apple Park hududida kompaniya asoschisi Stiv Jobs nomiga qo‘yilgan teatr faoliyat ko‘rsatadi. Stiv Jobs mazkur futuristik shtab kvartira g‘oyasini 2011 yilda, o‘limidan 4 oy avval olg‘a surgan edi.

“Majmua Stiv Jobs ishlab chiqqan Apple Park konsepsiyasi asosida qurilmoqda. Stiv Jobs doim Apple Park kelajak avlod uchun innovatsiya markazi bo‘lishi kerakligini ta’kidlar edi”, — deydi Apple korporatsiyasining hozirgi rahbari Tim Kuk.

Kampusda axborot markazi, Apple Store do‘koni, tashrif buyuruvchilar uchun qahvaxona, xodimlar uchun fitnes-sentr, ishlanmalarni ishlab chiqish uchun va tadqiqotlar olib borishga mo‘ljallangan yopiq binolar bo‘ladi.

Apple’ga 12 ming xodim bilan yangi ish joyiga ko‘chib o‘tish uchun yarim yil kerak bo‘ladi. Qurilish ishlari yozgacha davom etadi. Shtab kvartira qurilishi uchun 5 milliard dollar mablag‘ sarflangani aytilmoqda.