Apple’ning ustidan kulib, Huawei «haqiqiy sun’iy idrok»ni ko‘rsatishga va’da berdi (+video)

  •   DiMaX
  •  2671
  •  20.09.2017 10:28

Apple’ning ustidan kulib, Huawei «haqiqiy sun’iy idrok»ni ko‘rsatishga va’da berdi (+video)

16 oktyabrda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Mate 10 taqdimoti arafasida Huawei kompaniyasi o‘zining Facebook-sahifasida antiqa videorolik e’lon qildi. Uni Apple ustidan kulish, deya baholash ham mumkin.

Rolikda kloun (masxaraboz) smartfonni blokdan chiqarish uchun yuzni skanerlash jarayonidan o‘tmoqchi bo‘ladi, biroq uddalay olmaydi. Bu esa xuddi  yangi iPhone X flagmani taqdimotida Face ID funksiyasi ayni namoyish jarayonida pand berib qo‘yganiga o‘xshash holatdir. Keyin esa videolavhada qalqib chiquvchi matn paydo bo‘ladi: «Haqiqiy sun’iy idrokli smartfon. 16 oktyabr».

Bularning barchasi Huawei tomonidan o‘z neyron protsessoriga ega bo‘lgan Kirin 970 chipi ishlab chiqilayotganligi haqidagi ma’lumotga mos keladi. Sentyabrning boshidagi IFA ko‘rgazmasida Huawei rahbari so‘zga chiqar ekan, sun’iy idroki sharofati bilan Kirin 970 bazasidagi smartfonlar foydalanuvchini tushuna olishi, shuningdek, real vaqt rejimida nutqni va ob’yektlarni taniy bilishini ma’lum qilgan edi.

Aftidan, serqirra bu protsessor biometrik himoya funksiyalarini ham yaxshi uddalay bilishiga Huawei qattiq ishonmoqda. Agar shunday bo‘lmasa, 16 oktyabrda uning o‘zi ham Apple kabi masxaralarga nishon bo‘lishi aniq.

Voqealar rivojini biz bilan kuzatib boring.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.