Apple o'zining bu yilgi WWDC konferensiyasi qachon o'tkazilishini rasman e'lon qildi

Apple o'zining bu yilgi WWDC konferensiyasi qachon o'tkazilishini rasman e'lon qildi

Google'ning I/O (10-may), Microsoft'ning esa Build (23-24-may) tadbirlaridan keyin Apple'ning ham dasturchilar uchun mo'ljallangan WorldWide Developer Conference (WWDC) konferensiyasining bu yilgi soni qachon o'tkazilishi rasman e'lon qilindi – kupertinolik kompaniya o'zining WWDC23 tadbirini 5-iyundan 9-iyunga qadar o'tkazadi.

Har doimgidek, asosiy voqealar 5-iyun kuni bo'lib o'tadi. Ochilish marosimida Apple o'zining yangi avlod iOS (17), iPadOS (17), macOS (14), watchOS (10) va tvOS (17) operatsion tizimlarini taqdim qiladi. Qolgan kunlarda esa dasturchilar va talabalar uchun qo'shimcha tadbirlar bo'lib o'tadi.

Ta'kidlash joizki, Apple so'nggi yillarda WWDC davomida o'zining yangi qurilmalarini ham namoyish qilishni odat qildi va biz bu yil ham yangi Mac Pro, MacBook Air kompyuterlari va ehtimol, anchadan beri mish-mish qilib kelinayotgan AR/VR qurilmasi bilan tanishishimiz mumkin bo'ladi.

WWDC23 tadbirini, albatta, Apple'ning rasmiy sahifalarida jonli tarzda onlayn tomosha qilishingiz mumkin bo'ladi. Shuningdek, dasturchilar va talabalar 5-iyun kuni Apple Park'da asosiy tadbirni shaxsan borib ko'rishlari va to'liq kun davomida o'tkaziladigan boshqa turli tadbirlarda qatnashishlari mumkin bo'ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!