Apple Park’da Apple rahbari bilan tushlik auksionga qo‘yildi

Apple Park’da Apple rahbari bilan tushlik auksionga qo‘yildi

Apple korporatsiyasining bosh direktori Tim Kuk bilan “Olma”ning “Kremniy vodiysi”dagi yangi shtab-kvartirasida tushlik qilish internet-auksionga qo‘yildi. Undan tushgan mablag‘ Robert F. Kennedi nomidagi huquqni muhofaza qilish markazi hisobiga o‘tkazib beriladi. Xayr-saxovat aksiyasida ishtirok etish istagida bo‘lganlar CharityBuzz saytiga kirib, tushlik uchun o‘zlarining narxlarini taklif qilishlari mumkin.

Tim Kuk bilan uchrashuv qurilishiga 5 milliard dollar mablag‘ sarflangan Kaliforniyaning Kupertino shahrida joylashgan Apple Park hududida bo‘lib o‘tadi. Tushlik uchun eng ko‘p sarflagan saxovatpesha, shuningdek yana bir qo‘shimcha chiptaga ega bo‘lib, tushlikka hamrohi bilan kelishi mumkin bo‘ladi. Qolaversa, auksion shartlariga ko‘ra, transport, yashash boqa xarajatlari uchun ishtirokchining o‘zi to‘lashi kerak bo‘ladi.

Bungacha ham Tim Kuk 5 marotaba xayr-saxovat maqsadida o‘tkazilgan bunday tushliklarda ishtirok etgan. Misol uchun, 2016 yilda Apple rahbari bilan bir finjon qahva ichish uchun ko‘ngilli bir kishi $515 000 dollar to‘lagan. 2015 yilda Tim Kuk bilan tushlik uchun ishtirokchi $200 000 dollar to‘lagan bo‘lsa, 2014 yilda bu $330 000 dollarga tushgan. Tim 2013 yilda jahon tarixidagi eng qimmat tushlik “muallif”laridan. O‘shanda u bilan ovqatlanish uchun $610 000 dollar to‘langan. Bu mablag‘lar “Adolat va inson huquqlari markazi”ga o‘tkazib berilgan.

Taniqli shaxslar bilan tushliklardan mablag‘ ishlash Amerikada saxovatpeshalikni ilgari surgan aksiyalarning zamonaviy va nufuzli shakli hisoblanadi. Bu borada milliarder Uorren Baffettning oldiga tushadigani yo‘q. 2012 yilda pullik tamaddi va qahvaxo‘rliklar uchun janob Baffet nodavlat tashkilotlarga $3,46 mln dollar ishlab bergan.

Apple rahbari ham bu borada rekord o‘rnatish harakatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, pulini ayamagan inson bilan tushlik stoli ustida kamida 1 soat suhbat qilishni reja qilgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.