Apple rahbari: Avtosanoat texnik inqilob arafasida

Apple rahbari: Avtosanoat texnik inqilob arafasida

Apple rahbari Tim Kuk sarlavhadagi fikrni bildirganligini o‘zbek tilida avtomobil yangiliklarini nashr qiluvchi carzone.uz sayti tarqatdi. Apple o‘z avtomobili ustida ishlayotganligi haqidagi xabarni izohladi, ammo ishlab chiqarish ehtimoli haqda og‘iz ochmadi.

“Ushbu soha katta o‘zgarishlar pallasida turganini taxmin qilaman, bu oddiy tadrijiy o‘zgarish bo‘lmaydi”, deydi Kuk. U Apple o‘z avtomobilini chiqarishi haqidagi savolga javob bermadi, ammo texnologik o‘zgarishlar avjida begona kompaniyalar avtobiznesga aralasha olishi o‘ta mushkulligini ta’kidlab o‘tdi. Kuk fikriga ko‘ra, dasturiy ta’minot tobora avtomobilning muhim tarkibiy qismiga aylanyapti, kelajak avtomobilini yuritishda uning roli katta bo‘ladi. Shuningdek, elektromobillarning an’anaviy ichki yonuv dvigatelli mashinalarga raqobati haqida ham to‘xtaldi.

Financial Times nashri Apple avtoekspertlarni yig‘ib, avtomobil ishlab chiqarish uchun qanday ishlar qilish zarurligi masalasini qo‘yganligini ham eslatib o‘tadi.

Apple rahbari avto ishlab chiqaruvchilarning o‘z multimedia tizimlari, hozircha, avtohavaskorlar e’tiborini qozonmaganiga, bu esa texnologik kompaniyalar avto bozoriga kirib olishi uchun imkoniyat berishiga to‘xtalib o‘tgan.

Avvalgi nashrlar Apple o‘z avtomobilini 2019 yilda ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani, loyiha “Titan” shartli nomini olganini yozgandi.