Apple rahbari bilan tushlik auksionda rekord summaga sotildi

Apple rahbari bilan tushlik auksionda rekord summaga sotildi

Apple bosh direktori Tim Kuk bilan korporatsiyaning yangi — Apple Park shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadigan tushlik uchun shaxsini ma’lum qilmagan ko‘ngilli $688 000 dollar mablag‘ to‘ladi. Bu mablag‘lar Robert Kennedi nomidagi inson huquqlari markaziga o‘tkazib beriladi.

CharityBuzz xayr-saxovat auksioniga qo‘yilgan tushlik chiptasining boshlang‘ich narxi 50 000 dollarga baholangan. Auksionda ishtirok etish uchun 31 nafar kishi ariza bergan. Ularning aksariyati Apple bilan hamkorlik qiluvchi yoki hamkorlik qilish istagidagi kompaniya rahbarlari bo‘lishgan.

Bungacha ham Tim Kuk 5 marotaba bunday xayr-saxovat tushliklarida ishtirok etgan. 2016 yilda Apple rahbari bilan bir finjon qahva ustida suhbat qurish uchun ko‘ngilli bir kishi $515 000 dollar to‘lagan. 2015 yilda Tim Kuk bilan tushlik uchun ishtirokchi $200 000 dollar to‘lagan bo‘lsa, 2014 yilda bu $330 000 dollarga tushgan. Tim 2013 yilda jahon tarixidagi eng qimmat tushlik «muallif»laridan. O‘shanda u bilan ovqatlanish uchun $610 000 dollar to‘langan.

Shunday bo‘lsa ham, Apple rahbari bu borada milliarder Uorren Baffettdan orqada. 2012 yilda pullik tamaddi va qahvaxo‘rliklar uchun janob Baffet nodavlat tashkilotlarga $3,46 mln dollar ishlab bergan.