Apple tajribali dizayneridan ayrildi

Apple tajribali dizayneridan ayrildi

Apple`ning eski dizaynerlaridan biri Deniel «Denni» Koster (Daniel «Danny» Coster) korporatsiyani tark etdi. U kompaniya rahbarligiga Stiv Jobs qaytganidan so‘ng brendning muvaffaqiyatli tijoriy mahsulotlari — iPhone smartfonlari hamda iMac G3 kompyuter-monoblokining yaratilishida hal qiluvchi rollarni bajargan edi.

Koster GoPro kompaniyasida dizayn bo‘yicha vitse-prezident lavozimida faoliyat ko‘rsatadigan bo‘ldi. Shu munosabat bilan e’lon qilingan press-relizda keltirilishicha, u GoPro`ning qurilmalardan tortib, dasturiy ta’minot hamda xizmat ko‘rsatishgacha bo‘lgan barcha faoliyat yo‘nalishlarining dizayn tomonini belgilab beradi.

Yangi zellandiyalik Denni Koster Apple`ga 1994 yilning yozida kelgan edi. 20 yildan ziyodroq vaqt mobaynida kompaniyaning 600 dan ziyodroq patentiga mualliflik qildi va ushbu rusum ostida ishlab chiqariladigan qator qurilma va aksessuarlarning ishlab chiqarilishiga katta hissa qo‘shdi. iPhone 4 smartfoni va iPad uchun simsiz klaviaturalar shular jumlasidan. Uning ishlari bir qator xalqaro dizaynerlik tashkilotlari tomonidan eng yaxshi deb tan olindi.

Denni Koster va GoPro rahbari Nik Vudman (Nick Woodman) 2001 yilning dekabrida Vudman Meksika plyajlaridan birida o‘zining ilk ekshen-kamerasi prototipini sinovdan o‘tkazayotgan vaqtda tanishgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.