Apple taklifnoma tarqatmoqda: iPhone 8'gacha sanoqli kunlar qoldi

Apple taklifnoma tarqatmoqda: iPhone 8'gacha sanoqli kunlar qoldi

Apple kompaniyasi keyingi avlod ayfonining taqdimot kunini rasman e’lon qildi. Kutilganidek, iPhone 8 flagmani 12 sentyabrda namoyish qilinadi.  

"Ma’lumotlarga qaraganda, kupertinolik IT-ishlab chiqaruvchisi iPhone'ning 3 ta yangi modeli, jumladan bugungacha ma’lum ayfonlardan tubdan farq qiluvchi iPhone 8'ni ham taqdim qiladi", deb yozmoqda The Verge nashri.

Rasmiy taklifnomada taqdimot sanasidan tashqari, u qadar ham ko‘p detallar ma’lum qilinmagan. Unda faqatgina quyidagi so‘zlar yozilgan: "Keling, o‘zimizning joyimizda uchrashamiz". Bu gapning ma’nosiga qaraganda, yubiley taqdimoti Apple Park kampusi hududida, Stiv Jobs nomidagi yangi teatrda bo‘lib o‘tadi.

Shubhasizki, iPhone 8 taqdimot qahramoniga aylanadi. Smartfon yangicha dizayndagi, romsiz 5,8 dyuymli OLED-ekranga ega bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple bu gal Touch ID barmoq izlari skaneridan voz kechadi. Uning o‘rniga yangi avlod ayfoni yuz-qiyofa skaneri bilan ta’minlanadi. So‘nggi xabarlardan ma’lum bo‘lishicha, iPhone 8'ning boshlang‘ich talqini 64 gigabaytli doimiy xotira bilan ta’minlanadi. Bu talqin taxminan 1000 dollardan sotuvga chiqadi.

Shuningdek, 12 sentyabrda iPhone 7s hamda iPhone 7s Plus smartfonlarining ham prezentatsiyalari bo‘lib o‘tadi. Ularning dizayni avvalgi flagmanlarga o‘xshasa ham, yangicha innovatsion jihatlarga ega bo‘lishadi.

Kutilayotganidek, smartfonlardan tashqari, Apple yangi avlod Apple TV telepristavkalarini ham namoyish qiladi. Innovatsion televizor aksessuari 4K sig‘imli tasvirni qo‘llab-quvvatlaydi.

Qolaversa, ilg‘or Apple Watch smart-soatlari ham taqdimotdan o‘rin olgan. U aloqaning LTE tarmog‘ida ishlaydi va sim-karta uchun bo‘lmachaga ega bo‘ladi.

Bu hali hammasi emas: "Olma"ning yana bir sovg‘asi iPhone va Mac qurilmalariga mo‘ljallangan innovatsion dasturiy ta’minot tizimi bo‘ladi.