Apple tarixidagi «eng kuchli» iMac kompyuteri taqdim qilindi

Apple tarixidagi «eng kuchli» iMac kompyuteri taqdim qilindi

Apple’ning 5 iyunda Kaliforniyada o‘tkazilgan taqdimotlari orasida Apple o‘z tarixidagi «eng kuchli stol kompyuteri» deya e’tirof qilgan iMac Pro’ning namoyishi o‘ziga xos bo‘ldi. Garchi, superkompyuterlar darajasida bo‘lmasa ham, uning jihatlari chindan taassurotli.

Jumladan, yangi iMac Pro’dagi 27 dyuymli Retina displeyning sig‘imi 5K. Ya’ni, ekran o‘zida 1 milliard xil rang-tusni ask ettira oladi. Intel’ning 18 yadroli 7-avlod Intel Xeon protsessori devaysning kuchli jihatlaridan biri. iMac Pro’da 128 gigabaytli tezkor va 4 terabaytgacha bo‘lgan doimiy ichki xotira, 16 GB HBM2 turidagi tezkor mustaqil xotiraga ega AMD Radeon Pro Vega videokartasi mavjud.

Unga 4 ta Thunderbolt 3 porti o‘rnatilgan. Natijada, iMac Pro’ga yana 2 ta 5K sig‘imli ekranni ulasa ham bo‘ladi. Shuningdek, kompyuterda 4 ta an’anaviy USB portlari, 4 ta USB-C universal porti, SD-xotira fleshkasi uchun bo‘lmacha mavjud. iMac Pro Bluetooth 4.2 va Wi-Fi 802.11ac kabi simsiz interfeyslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mac kompyuterlari tarixida ilk marotaba yangi iMac Pro Ethernet 10 Gbit/s portiga ega bo‘ldi. Ya’ni, bu port orqali ma’lumotlarni avvalgi kompyuterlardan 10 karra tezroq almashish mumkin. Yangi personal kompyuter space gray, ya’ni to‘q kulrang korpusli talqinda ishlab chiqariladi.

“Yangi iMac biz shu vaqtga qadar yaratgan eng chiroyli, eng kuchli Mac kompyuteridir”, — deydi taqdimotda so‘zga chiqqan kompaniya vitse-prezidenti Jon Ternus.

Yangi kompyuterning joriy yilning dekabridan sotuvga chiqishi ma’lum qilindi. “Eng kuchli” Mac kompyuterining eng arzon talqini, ya’ni 8 yadroli Intel Xeon protsessori, Radeon Vega videokartasi, 32 GB tezkor va 1 TB doimiy xotiraga ega talqini 4999 dollardan boshlab sotiladi.

Bu kim uchun?

Professional kompyuter, ayniqsa turli sohada faoliyat ko‘rsatuvchi dizayner ijodkorlar, yirik ma’lumotlarni qayta ishlovchi mutaxassis va biznesmenlar uchun ayni muddao. Shuningdek, undan 3D va VR loyihalarni, tahlil va ma’lumotlarni qayta ishlash, audio va videoni yuqori sifatda tahrir qilishda foydalanish mumkin. Jumladan, Apple ham o‘z dizaynerlarini aynan shu rusumdagi modellar bilan ta’minlab kelgan.

Shuningdek, taqdimotda Apple avvalgi “hammasi bittada” turkumiga kiruvchi iMac kompyuterlarining yangilangan talqinini ham namoyish qildi. Ular “Kaby Lake” arxitekturasidagi 7-avlod Intel protsessorlariga ega bo‘lishgan.

Avvalgi avlod ekrani bilan solishtirib ko‘rganda, yangilangan iMac ekranidagi yorug‘lik miqdori 43% ga yuqori va 500 kd/m2’ga teng. Devayslardagi tezkor xotira miqdori avvalgi yildagidan 2 barobarga oshgan — 21,5 dyuymli model 32 GB, 27 dyuymli model 64 gigabaytli tezkor xotira bilan ta’minlangan.

Videokartaning ham grafik-tasvirni qayta ishlash ko‘nikmasi oshdi — kompyuterning kichik talqiniga Intel Iris Plus 640, 4K ekranli 21,5 dyuymli modelga AMD Radeon Pro 555 va 560 hamda eng yuqori 27 dyuymli talqinga Radeon Pro 570, 575 va 580 grafik-tasvir tizimlari o‘rnatilgan. Yangi talqindagi iMac’da 2 ta yangi Thunderbolt 3/USB Type-C portlari ham joriy qilindi.

iMac’ning eng kichik 21,5 dyuymli modeli $1099, 4K sig‘imli ekranga ega 21,5 dyuymli modeli $1499 hamda 5K sig‘imli 27 dyuymli modeli $1799 dollardan keyingi oydan sotuvga chiqadi. Ularga 7 iyundan boshlab avvaldan buyurtma berish mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!