Apple o‘z uyida smartfon bozoridagi yetakchilikni Samsung’ga boy berdi

Apple o‘z uyida smartfon bozoridagi yetakchilikni Samsung’ga boy berdi

2016 yilning ilk choragi Apple kompaniyasi uchun qanchalar og‘ir kelgan bo‘lsa, Samsung uchun shu qadar omadli bo‘ldi. Amerika smartfon bozorida kupertinolik “Olma”ga 7 oy ilgari boy berilgan yetakchilik bayrog‘i nihoyat yana koreyalik gigant kompaniya tasarrufiga o‘tdi.

Gongkonglik tahlilchilarning fikricha, mart oyida  AQShda sotilgan smartfonlarning 28 foizi Samsung’ning, 23 foizi Apple’ning ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Mazkur muvaffaqiyatda osiyolik ishlab chiqaruvchining Galaxy S7 hamda S7 edge smartfonlari muhim rol o‘ynagani qayd etilmoqda. Natijada, kompaniyaning daromadi 2016 yilning shu davriga qadar 12 foizga oshgan.

Apple’ning taxmin qilganidek, so‘nggi ayfon qurilmasi bo‘lgan iPhone SE kompaniya daromadlariga ijobiy ta’sir o‘tkaza olmadi.

Ikkala kompaniya ham raqobatda bir-biridan bo‘sh kelmaslik uchun navbatdagi flagmanlar (iPhone 7 hamda Samsung Note 6) ustida izlanishlar olib borishmoqda.

Amerika smartfon bozorida navbatdagi o‘ringa LG Electronics kompaniyasi da’vo qilmoqda. Hozircha kompaniya o‘z ko‘rsatgichlariga so‘nggi G5 smartfonining savdosini qo‘shmaganini aytgan.

AQSh smartfon bozorida Xitoy kompaniyalarining ulushi ham o‘sib bormoqda. Xususan 4-o‘rinda turgan ZTE sotilgan smartfonlarning 6.6 foiziga egalik qiladi. Undan so‘ng Fransiyaning Alcatel kompaniyasi 4.5 foizlik ulush bilan turibdi.

Mart oyida AQShda sotilgan smartfonlarning 1 foizi Xitoylik ishlab chiqaruvchi Huawei hissasiga to‘g‘ri keladi.