Apple va Samsung yana sudda ko‘rishishadi

Apple va Samsung yana sudda ko‘rishishadi

The Verge nashrining xabar berishicha, Apple korporatsiyasining navbatdagi yig‘ilishida kompaniya vakillari Samsung to‘lashi kerak bo‘lgan badal miqdorini aniqlashtirib oladilar.

Xabarda Apple hamda Samsung kompaniyalarining advokatlari 25 oktbyarga qadar keyingi sud kunini aniqlashtirib olishlari kerakligi qayd etilgan. Mazkur sud ishida Samsung Apple'ga tegishli patent huquqini buzganligi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan badal miqdori qayta ko‘riladi.

Ikkala kompaniya o‘rtasidagi patent mojarolari 2011 yilda boshlangan. O‘shanda sud Samsung chindan ham smartfon dizaynini Apple'dan o‘g‘irlaganini ma’lum qilgan.

2012 yilda o‘tkazilgan tergov natijalariga asoslangan sud qaroriga muvofiq Janubiy koreyalik ishlab chiqaruvchi amerikalik raqibiga 1 mlrd dollar miqdorida tovon puli to‘lashi kerak. Bu mablag‘ Samsung sotgan jami smartfonlardan olingan daromaddan kelib chiqib belgilangan edi.

So‘nggi 5 yil mobaynida Samsung huquqshunoslari mazkur qarordan norozi ekanliklari va uning qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidlab kelayotgan edilar. AQSh Oliy sudi keyinchalik bu qarorning adolatsiz ekanini tan olgan va badal miqdorini 400 mln dollargacha kamaytirgan. Apple hozircha mazkur qarorga munosabat bildirmagan.

Endi Apple va Samsung yuristlari ushbu qarorni muhokama qilish uchun sudda ko‘rishishadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.