“Aqlli qishloq”da ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlar yanada yaxshilanadi

“Aqlli qishloq”da ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlar yanada yaxshilanadi

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Oybek Norinboyev qishloq ayollari uchun iqtisodiy imkoniyatlarni yaxshilash bo‘yicha Yaponiyaning ijtimoiy rivojlanish jamg‘armasining loyihaviy taklifi bo‘yicha Tara Sharofudin boshchiligidagi Jahon banki vakillarini qabul qildi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda ham “Aqlli qishloq” loyihasini joriy qilish masalalarini muhokama qilgan. Loyiha qishoq ayollarining iqtisodiy jihatdan imkoniyatlari va huquqlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, JSDF (Yaponiya ijtimoiy rivojlanish jamg‘armasi) granti tomonidan moliyalashtiriladi. Bu haqda Vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.

Faktlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston bandlik tizimida ayollar ulushi 44 foizgacha o‘sib, kichik biznesdagi ularning ishtiroki sezilarli ravishda oshgan. Bugungi kunga kelib 35 foiz tadbirkorlik sub’yektlari ayollar tomonidan tashkil etilib, ular tomonidan boshqarilib kelinmoqda. Ayollar qishloq xo‘jaligi (46 %), moliya va sug‘urta (41 %), sanoat (39 %), xizmat ko‘rsatish (37 %), transport va aloqa (11 %), qurilish (8 %) sohalarida faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, hozirda bu loyiha Hindistonda Microsoft kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, uning doirasida qishloqlar internet, uyali aloqaga ulangan, ijtimoiy masalalar hal qilingan. Ozarbayjonda esa loyihani Jahon banki moliyalashtirgan bo‘lib, unda tadbirkorlik uchun mahalliy dastur ishlab chiqilgan, qishloq ayollari o‘z tadbirkorlik faoliyatlari borasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari uchun imkoniyat beradigan biznes-inkubator yaratilgan. Mazkur loyihalar yurtimiz sharoitiga joriy etish uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

O‘QING: Endi CLICK orqali “O‘zbekiston Havo Yo‘llari”dan chiptalarni xarid qilish mumkin

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.