AQShda dronlar uchun ilk aeroport quriladi

AQShda dronlar uchun ilk aeroport quriladi

Uchar jismlar sekin-asta kundalik hayotimizga kirib kelmoqda. Qachonlardir harbiy maqsadlarda ishlatilgan mazkur qurilmalar bugungi kunga kelib, turli sohalarda, turli vazifalar uchun qo‘llanilayapti. Dronlarning toboro ko‘payib borayotgani sababli AQSh hukumati yangi qonun hujatlarini qabul qildi. Ularga muvofiq dron egalari, albatta, o‘z qurilmalarini  davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlari shart qilib belgilab qo‘yildi. Endi esa AQShda dronlar uchun xizmat qiluvchi maxsus tijoriy aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda, deb yozadi techcrunch.com sayti.Bu loyiha bilan mamlakatda katta nufuzga, ko‘plab o‘quv markazlariga ega Aerodrome kompaniyasi shug‘ullanyapti. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerdagi maxsus o‘quv markazida kompaniya mutaxassislari xohlovchilarga uchar apparatlar bilan bog‘liq barcha jarayonlarni  o‘rgatadi. Markaz bitiruvchilariga “dronlarning professional boshqaruvchisi” degan maxsus sertifikat taqdim etiladi.

Xabarlarga qaraganda, ushbu tijoriy dronlar aeroportiga Eldorado Droneport nomi beriladi va Boulder-Siti shahrida, asosiy aeroportdan uzoq bo‘lmagan joyda bunyod etiladi.

Loyihaning maqsadi yirik kompaniya va korporatsiyalarning ko‘p sonli dronlariga uchish, qo‘nish va saqlash kabi xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish. Shuningdek, Aerodrome kompaniyasi hamkorlikdagi tijoriy va ta’lim maqsadlarini ham ko‘zlagan. Ya’ni instruktorlar talabalarga turli xil dronlarni boshqarish bo‘yicha saboq beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dronlar aeroporti ikki gektardan oshiqroq maydonni egallaydi va qurilish ishlari yaqin uch yil ichida o‘z nihoyasiga yetadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!