Artel P5: "Beshni olish" o‘zini oqlaydimi?

Artel P5:

O‘zbekistonning milliy elektronika ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Artel Mobile kompaniyasi 2017 yilning iyulida o‘zining "P5" nomli eng ilg‘or gadjetini e’lon qildi. "5 ni ol" degan reklama bannerlari shahrimiz bo‘ylab ko‘zga tashlanadi. Xo‘sh, bu smartfon qanchalar diqqatga sazovor, uning imkoniyatlari qanday? Quyidagi tavsifda ana shu savollarga javob berishga harakat qilib ko‘rdik.   

So‘zimiz avvalida aytish mumkinki, uning imkoniyatlarini xalqaro brendlarning boshlang‘ich narxli smartfonlari bilan bir xil. 

Dizayn

Artel Mobile'ning 5 dyuymli bu smartfoni ko‘rinishidan klassik smartfonlarni eslatib yuboradi. Bir qarashda P5 sizga Xiaomi, Meizu kabi hamyonbop smartfon ishlab chiqaruvchilarining smartfonlarining an’anaviy qiyofasini yodga soladi.

Artel P5 korpusi shisha va metall uyg‘unligida ishlab chiarilgan. Smartfon qora va tilla rangli korpuslarda taqdim qilingan.


Korpus o‘ng tomonida ovozni boshqarish hamda o‘chirib-yoqish tugmasi, chap tomonida esa sim-karta bo‘lmachasi joylashgan. Smartfon 2 ta sim-kartaga mo‘ljallangan. Bu bo‘lmachalardan biriga xotira kartasini joylashtirish mumkin.

Old panel yuqori qismidan suhbat dinamigi, kamera moduli va sensorlar bilan birga, LED fotochaqnog‘i o‘rin olgan. Barmoq izlari skaneri bosh tugmada tatbiq qilingan.


Orqa panelda esa bosh kamera moduli va uning fotochaqnog‘i, shovqinni pasaytiruvchi qo‘shimcha mikrofon mavjud.

Shuningdek, xaridorga qadoqda himoya plyonkasi va chexol ham taqdim qilinadi.

Ekran 

Diagonali 5 dyuym bo‘lgan sensor ekranning piksellar sig‘imi FullHD, ya’ni 1920 x 1080 piksel. Bu o‘lchamdagi ekran uchun juda yaxshi ko‘rsatkich. P5 ekranining IPS-matritsasi tasvir burchagini 180 gradusgacha kengaytiradi. Ekran yaqingacha eng so‘nggi avlod hisoblangan Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasi bilan qoplangan.

Platforma 

Artel P5'ning Android 7.1 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatishi foydalanuvchi uchun bir qator imkoniyatlarni beradi.

Smartfonning apparat ta’minoti 8 yadroli Qualcomm 430 protsessori asosiga qurilgan.

Qualcomm Snapdragon 430 chipi 2015 yilning sentyabrida taqdim qilingan. Arxitekturasi — 8 yadro, ARM Cortex-A53. U bilan birga grafik-tasvirlarni qayta ishlash uchun Adreno 505 video-kartasidan foydalanish mumkin.

Qualcomm'ning o‘rta darajali bu chipining chastota tezligi 1.4 Ggs. Ma’lumotni 28 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan protsessorda X6 LTE aloqa modemi mavjud.

Qualcomm 430 protsessori sekundiga 150 megabit ma’lumotni yuklab olsa, 75 megabit ma’lumotni internet tarmog‘iga yuklash imkoniyatiga ega. 

Bizga birmuncha tanish bo‘lgan Samsung Galaxy J3 (2017), Xiaomi Redmi 4, Xiaomi Redmi 3S/3S Prime, Lenovo K6, Lenovo Moto G5, Asus ZenFone 3 Laser/Max, Nokia 6, LG Stylus 2 Plus smartfonlari mana shu protsessorda ishlaydi.

Bu chipning imkoniyatlari aslida yuqori. Misol uchun, tezkor quvvatlash texnologiyasi,  Bluetooth 4.1 texnologiyasi va boshqalar. Biroq, Artel Mobile bu funksiyalarni flagman smartfonida tatbiq qilmagan. Vaholanki, bugun hamma joyda, hattoki avtobus va metrolarda, savdo shahobchalarida NFC (yaqin masofada kontaktsiz aloqa o‘rnatish) tizimi orqali to‘lovlar yurtimizda ham ommalashmoqda. Smartfon konsepsiyasini yaratayotganda ishlab chiqaruvchining mana shu jihatlarni isobga olmagani taassufli.

Smartfon mobil aloqaning 2G, 3G va 4G standartlarida ishlaydi, shuningdek GPS, GLONASS, BeiDou, A-GPS tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Artel P5'ning tezkor xotira sig‘imi 3 gigabayt, doimiy xotirasi 32 GB. Shuningdek, 2 ta sim-kartaga mo‘ljallangan bo‘lmachalardan biriga 128 gigabaytgacha ma’lumot sig‘imiga ega fleshka o‘rnatish mumkin.

Smartfonda audiopleyer, videopleyer, MP3, FM-radio hamda 3.5 mm.li audio-tuynuk mavjud. 

Akkumulyator 

Litiy-polimer akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3000 mA soat va bu quvvat smartfondan bir kun davomida faol foydalanish imkonini beradi. 

Kamera

Kamera imkoniyatlari har doim smartfon tanlashda bosh mezonlardan biri bo‘lgan. P5 bosh kamerasi 13 megapikselli sensorga ega bo‘lgan. Old kamera esa 8 megapikselli. Selfi-kameraning avtofokus va LED fotochaqnoqqa ega bo‘lgani diqqatga sazovor. Artel P5 old kamerasidagi "Beauty Face" funksiyasi selfi suratlarda inson yuz terisini nafisroq qilib muhrlashga mo‘ljallangan. 

13 megapikselli sensorda barqarorlashtirish funksiyasi tatbiq qilinmagan.

Shu o‘rinda bosh kamera haqida. Kompaniya P5'da f/ 2.0 yorug‘lik linzasiga ega Sony IMX258 modulidan foydalangan. Xiaomi Redmi Note 4x'da ham xuddi shu sensor o‘rnatilgan. Biroq, Artel P5 funksiya va rejimlar masalasida Redmi Note 4x'dan ancha orqada. Biroq, surat olish imkoniyatlari deyarli bir xil.

 

Narx-navo 

Smartfon iyulda 1,9 million so‘mdan sotuvga chiqarilgan edi. Ayni paytda Artel P5 ishlab chiqaruvchi tomonidan 1,7 million so‘mdan sotilmoqda. Qisqa vaqt ichida smartfonning bu qadar arzonlashuvi bekorga emas. Garchi, milliy mahsulot bo‘lsa ham, smartfon narxi yuqori. Mahalliy bozorda esa imkoniyati teng bo‘lgan xorijlik smartfonlar undan arzon. Misol uchun, “Malika” savdo majmuasida Redmi Note 4X (3/32 GB) 1,615,000 so‘mdan sotilmoqda. Redmi Note 4X devaysdagi batareyaning elektr toki sig‘imi 4100 mA soat. To‘liq quvvat bilan smartfon 2 sutka ishlaydi.

Shuningdek, Xitoyda 140-150$ dollar turadigan va yurtimizda 160-170$ sotilayotgan Xiaomi Redmi Note 4 ham undan ancha ilg‘or.

Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchi 1 yillik bepul kafolat, mutaxassis xizmati va ta’mirlash kafolatini berishi ham milliy ishlab chiqaruvchi taqdim qilgan o‘ziga xos imkoniyatdir. 

Xulosa

Umuman olganda, Artel P5 imkoniyatlari o‘rta darajali smartfon. Uni ommalashtirish uchun imkoniyatlari bilan aholini yaqindan tanishtirish kerak. Biroq, ushbu materialni tayyorlash jarayonida P5 haqida aksariyat ma’lumotlarning yo‘qligi, mavjud ma’lumotlarda ishlab chiqaruvchi uning o‘ziga xosliklari -- metall korpus, sifatli ekran yoki 1 kunga yetadigan akkumulyatori bilan maqtanishiga guvoh bo‘ldik. Biroq, bugungi smartfon marketingida buning o‘zi yetarli emas. Smartfon raqobatida g‘olib kelish va chinakam milliy kompaniyaga aylanish uchun yangi texnologiya va odamlarning ehtiyojini yaqindan o‘rganish kerak.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

olx.uz 1.3 млн сўм Sotib olish
artelmarket 1.7 млн сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!