Artel U5 taqdim qilindi: milliy mahsulot bizga munosibmi?

Artel U5 taqdim qilindi: milliy mahsulot bizga munosibmi?

26 dekabr kuni poytaxtimizda yap-yangi Artel U5 smartfoni taqdim qilindi. Artel kompaniyasi taqdim qilayotgan smartfon modellari bugungi aksariyat foydalanuvchi va xaridorlarning tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Shunday bo‘lsa ham, bu brend to‘xtab qolgani yo‘q va harakatda.

Artel U5 milliy mobil aloqa vositasining bosh jihati sifatida undagi 16 megapikselli selfi kamerani aytish mumkin.

Ekran va namoyish 

Yangi Artel U5 smartfoni 5,7 dyuymli, 1440×720 pikselli (HD+ sig‘imli) ekranga ega bo‘lgan. Yana bir o‘ziga xosligi -- old panelning 83 foiz qismi ekrandan iborat. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, mazkur o‘lchamdagi smartfonlar uchun bu noyob ko‘rsatkich ekan.

Shu bilan birga, Artel vakillari U5 smartfonidagi IPS-displeyning tasvir uzatishi aniq va yorqin ekani, tasvir detallarga boy bo‘lishi, ekrandagi 2.5D shishasi tasvirni yanada jozibador qilishini ma’lum qilishgan.

Platforma samaradorligi

Artel U5 platformasi Qualcomm kompaniyasining 64 bitli Snapdragon 425 chipseti asosiga qurilgan. Bizning smartfon bozorda nisbatan ommalashgan, hamyonbop Xiaomi Redmi 4A ham Snapdragon 425 (2 GB tezkor va 16 GB doimiy xotiraga ega) protsessori bilan ta’minlangan.

Redmi 4A modeli bilan yaqindan tanishamiz. Ushbu smartfon Xitoyning internet do‘konlarida $90 dollardan boshlab sotilmoqda. Yurtimiz smartfon bozorida ham bu model ancha mashhur.

Bu chipda 4 yadro bo‘lib, har birining chastota tezligi 1.4 Ggs. Bu chipning ma’lumotni qayta ishlash texnik jarayoni 28 nanometrni tashkil qiladi. Ya’ni, samaradorlik bugungi kuchli flagmanlar protsessoridan 2 barobar past. Bu borada milliy kompaniyamiz orqaga qadam tashlagan. Boisi, avvalgi -- Artel P5'da bu chipdan nisbatan kuchliroq, 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 430 chipi o‘rnatilgan edi. Snapdragon 425 jahonning eng arzon va boshlang‘ich narxli smartfon modellariga o‘rnatiladi.

Raqiblar

Bizga birmuncha tanish bo‘lgan Samsung Galaxy J3 (2017), Xiaomi Redmi 4, Xiaomi Redmi 3S/3S Prime, Lenovo K6, Lenovo Moto G5, Asus ZenFone 3 Laser/Max, Nokia 6, LG Stylus 2 Plus smartfonlari mana shu protsessorda ishlaydi.

Grafik-tasvirlar uchun Adreno 308 video-kartasi mas’ul bo‘lgan. Xiaomi Redmi 4A’da ham shu video-karta o‘rnatilgan. Bu borada ham yangilik quvonarli emas: Artel P5'da Adreno 505 video-kartasidan foydalanilgan.

Artel U5 smartfonining tezkor xotira sig‘imi 2 gigabayt, doimiy xotira esa 16 gigabaytli. Uni qo‘shimcha fleshka yordamida 64 gigabaytgacha kattalashtirish mumkin. Aytish joizki, Artel P5'dagi xotira sig‘imi 3 GB edi. Smartfon akkumulyatori ham u qadar havas qilarli emas -- 2900 mA soat, bu quvvat bir kunlik faoliyatga yetib qoladi.

Cmartfonning o‘ziga xosliklari

Artel U5 smartfonidagi 16 megapikselli selfi-kamera uchun fotochaqnoq ham o‘rnatilgani ayni muddao.

Bosh kamera uchun esa 13 megapikselli sensor tanlangan. Bosh kamerada "Portrait" rejimi bo‘lib, unda portretlar ijod qilish mumkin. Beauty Face funksiyasi esa foydalanuvchining yuz-qiyofasini jozibali ko‘rinishga keltiradi. Bosh kamerada panorama suratlar olsa bo‘ladi. HDR yoki Night Shot (Tungi) funksiyalar ham kamera imkoniyatlarini oshiradi.

Sensorlarga boy, biroq ...

Artel U5 modeli qo‘shimcha sensorlarga boyligi aytilmoqda. Bulardan biri barmoq izi skaneri. Bu datchik orqa paneldan o‘rin olgan.

Shu bilan birga, U5 modeli yorug‘lik, oraliq-masofa, holl datchigi, akselerometr va giroskop kabi sensorlarga ega bo‘lgan.

Biroq, esingizda bo‘lsa, biz NFC (yaqin masofada kontaktsiz aloqa o‘rnatish) modulining yo‘qligi bois, Artel P5'ni ancha tanqid ostiga olgan edik. Aftidan, kompaniya bu gal ham bu muhim datchikni unutgan ko‘rinadi. Vaholanki, bugun hamma joyda, hattoki avtobus va metrolarda, savdo shahobchalarida NFC (yaqin masofada kontaktsiz aloqa o‘rnatish) tizimi orqali to‘lovlar yurtimizda ham ommalashmoqda.

Artel U5 — selfi tushishga ishqibozlar uchun ayni muddao. Shu bilan birga, ekran ham yirikroq. Qolgan jihatdan esa bu model xususiyatlari bilan maqtana olmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu model bozorda 1.500.000 so‘mdan sotiladi. Shu o‘rinda kompaniya marketologlari uchun bir taklif. Bugun deyarli har kun butun jahonda yangi smartfon modeli taqdim qilinmoqda. Kompaniyalar taqdimotda smartfonning sotuvga chiqish vaqti hamda narxini e’lon qiladilar. Artel ham shunga odatlanishi kerak. Narxning yashirilishi smartfonning o‘z narxiga munosib emasligini anglatadi.

Biz yuqorida qayd etgan Redmi 4A (16 gb) "Malika"da 943 000 so‘mdan sotilmoqda. 1,5 million so‘m turadigan Redmi Note 4x esa 5,5 dyuymli FullHD sig‘imli, 2.5D himoya shishasi bilan qoplangan ekranga, Qualcomm Snapdragon 625 (8 yadro, 2 GGs) chipiga, 3/4 Gbayt tezkor va 32/64 Gbayt doimiy xotiraga ega. Va, eng muhimi bu modelga 4100 mA soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan.

Ha, Artel yangi smartfon taqdim etganini o‘qib biz ham xursand bo‘lgan edik. Biroq, uning jihatlari bilan tanishgach, hafsalamiz pir bo‘ldi. Ko‘zni shamg‘alat qiladigan selfi-kameraning o‘zi bozorda ommalashish uchun yetarli emas. Bugungi foydalanuvchilar u qadar e’tiborsiz emas. Axir ularning Terabayt.uz nomli ishonchli manbalari bor!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!